Xalqaro fan olimpiadasi g‘oliblariga hukumat qanday imtiyozlar beradi?

Respublikamizda nafaqat sport, balki ilm-fanda ham xalqaro olimpiadalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan iqtidorli yoshlarmiz mavjud. Keling, bunday nufuzli xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan yoshlarga qanday rag‘bat va imtiyozlar berilishini ko‘rib chiqamiz.

Bu boradagi imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi 562-sonli qarorlarida belgilab berilgan.

Unga ko‘ra 5 ta fandan quyidagi nufuzli xalqaro fan olimpiadalari ro‘yxati tasdiqlangan:

  1. Xalqaro matematika olimpiadasi — International Mathematical Olympiad (IMO)
  2. Xalqaro fizika olimpiadasi — International Physics Olympiad (IPhO)
  3. Xalqaro kimyo olimpiadasi — International Chemistry Olympiad (IChO)
  4. Xalqaro biologiya olimpiadasi — International Biology Olympiad (IBO)
  5. Xalqaro informatika olimpiadasi — International Olympiad in Informatics (IOI)

Mazkur xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari va ularni tayyorlagan ustozlariga quyidagi rag‘bat va imtiyozlar belgilangan:

a) xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun — 500, o‘qituvchisiga — 450 baravarida;

2-o‘rin (kumush medal) uchun — 300, o‘qituvchisiga — 250 baravarida;

3-o‘rin (bronza medal) uchun — 200, o‘qituvchisiga — 150 baravarida;

b) xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi;

v) ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150% miqdorida ustama haqi to‘lanadi.

g) xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi.

Xalqaro fan olimpiadalari va ularga beriladigan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlarni quyidagi havola orqali bilib olishingiz mumkin: https://lex.uz/docs/4320713

Oldingi Keyingi