Yo‘qolgan attestatni qanday tiklash mumkin?
Maktabni bitirayotgan vaqtimizda barchamiz attestat, shahodatnoma yoki guvohnoma olamiz. Ushbu hujjat bizga ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirish huquqini beradi. Masalan, 9-sinfni tamomlaganlarga akademik litsey yoki kasb-hunar maktablariga, 11-sinfni tamomlaganlarga oliy ta’lim muassasalari yoki texnikum va kollejlarga o‘qishga kirish imkoniyatini beradi.
Turli sabablarga ko‘ra, ushbu hujjatlarni yo‘qotib qo‘yganda uni tiklash uchun qachon va qayerga murojaat qilish kerakligi, uni qancha muddatda tiklash mumkinligi haqida ko‘pchilik ma’lumotga ega emas. Shu borada biz sizga quyidagi tavsiyalarni beramiz.
Attestat va shahodatnomalarni berish tartibi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 393-sonli qarori bilan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjatlarini bitiruvchilarga berish tartibi to‘g‘risida” tasdiqlangan nizomga ko‘ra, attestatni yo‘qotgan yoki familiyasini o‘zgartirgan shaxslarga, yoxud original nusxasi yaroqsiz holga kelgan hollarda attestatning dublikati beriladi.
Dublikat berish uchun attestatni yo‘qotgan shaxs o‘zi ta’lim olgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktoriga yozma ravishda ariza beradi. Arizaga hujjat yo‘qolganligi to‘g‘risida gazetada chop etilgan e’lon (unda yo‘qolgan attestat yoki sertifikatning berilgan yili, seriyasi va tartib raqami ko‘rsatilishi shart) shaxsini tasdiqlovchi pasport nusxasi ilova qilinadi.
Maktab rahbari 5 ish kuni ichida dublikat berish masalasini umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagogik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida ko‘rib chiqadi.
Pedagogik kengash qarori 5 kun muddatda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga va uning asosida hududiy boshqarmalarga yuboriladi.
Dublikatlar Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan beriladi.
Dublikatni berish muddati fuqaro murojaat qilgan davrdan boshlab bir oydan oshib ketmasligi kerak.
Ayni kunlarda yo‘qolgan attestatlar o‘rniga dublikatini berish tartibi soddalashtirilmoqda. Yaqin kunlarda fuqarolar “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” orqali murojaat etib, dublikat attestat olishlari mumkin bo‘ladi.