04.Safety Internet Teenagers-04

KIBERBULLING NIMA?

Kiberbulling — bu internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda shaxs yoki guruh tomonidan sizga korsatalayotgan tazyiq, va u turli shakllarda namoyon boʻlishi mumkin. Uning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun asosiy tushunchalarni koʻrib chiqaylik. Agar “bulling” real hayotda biror insonga jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazish maqsadida amalga oshiriladigan tajovuzkor harakatlarni anglatsa, “kiberbulling” ham xuddi shunday, lekin bu internetda, yaʼni raqamli olamda sodir boʻladi. Asosiy maqsad — insonni obroʻsizlantirish va unga emotsional zarar yetkazish.

Kiberbulling — internetdagi turli tazyiq turlarini oʻz ichiga oluvchi umumiy atamadir.

  • Kibermobbing. Bu —internetda xabarlar yoki izohlar orqali hujum qilish. Masalan, yomon gaplarni yozish yoki salbiy fikrlar bildirish.
  • Trolling. Trollar qurbonni asabiylashtirib, unda kuchli his-tuygʻularni uygʻotish va nizolarga tortish maqsadida izohlar qoldiradilar. Bu bilan insonni qoʻpol va keskin soʻzlar aytishga majbur qilishni koʻzlaydilar, keyin esa bu soʻzlarni uning oʻziga qarshi qoʻllaydilar.
  • Doksing. Bu — qasddan zarar yetkazish maqsadida, yomon niyatli shaxslar tomonidan insonning shaxsiy maʼlumotlarini (masalan, manzil, telefon raqami yoki oilaviy/ shaxsiy maʼlumotlar) topib, oshkor qilishi holati. Bu maʼlumotlar ochiq manbalardan olinishi yoki akkauntlarni buzib kirish orqali qoʻlga kiritilishi mumkin va natijada insonga katta zarar yetkazilishi ehtimoli bor.
  • Kibernazorat. Baʼzan zoʻravon yaqin inson, masalan, ota-ona boʻlishi mumkin. Bu nazorat internetdagi faoliyatni kuzatish, shaxsiy profillarga kirishni talab qilish, xatlar va postlarni tekshirish, doʻstlar va aloqalar orqali kuzatish shaklida namoyon boʻladi. Bunday holatda inson shaxsiy erkinligi va maxfiyligini yoʻqotadi, chunki uning internetdagi har bir harakati nazorat qilinadi.
  • Internet-stalking. Bu — doimiy kuzatish, ijtimoiy tarmoqlarni muntazam nazorat qilish, postlar va izohlarni kuzatish kabi hujum shakli. Stalker, hatto bloklanganidan keyin ham, qurbon bilan aloqa qilishga urinadi va uning internetdagi faoliyatini kuzatishda davom etadi. Baʼzan bu holatlar real hayotda ham taʼqibga olib keladi.
  • Intim shantaj. Zoʻravon qurbonning roziligisiz uning shaxsiy materiallarini (foto, video, yozishmalar) tarqatish yoki shantaj qilish bilan tahdid qiladi. Bu koʻpincha munosabatlar buzilganidan soʻng yoki shaxsiy maʼlumotlarni buzib kirish natijasida sodir boʻladi.

Bulling holatida qayerga murojaat qilish mumkin?

  • Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining ishonch telefoni: 1006 yoki +998 71 202-09-09 (dushanba – juma kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha).
  • «Inson» ijtimoiy xizmat markazlari, bolalar va oʻsmirlar uchun psixologik yordam xizmati: +998 71 239-59-20.
  • Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi: +998 71 200-00-00.
  • Respublika Bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi: +998 71 232-38-25.
  • Bolalar uchun ishonch telefoni: +998 71 233-99-44.
  • Zarur hollarda ichki ishlar organlariga murojaat qilish yoki 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish tavsiya etiladi.i.

Average Rating: (0 reviews)

Leave Your Feedback

Recent Reviews

Oldingi Keyingi