Bola muvaffaqiyatli boʻlishi uchun qanday tarbiyalash kerak?
Koʻplab psixologik tadqiqotlar natijalari shuni koʻrsatadiki, inson oʻz ishini professionali boʻlganida, kuchli oilasi va tayanishi mumkin boʻlgan doʻstlari boʻlganida, oʻzini muvaffaqiyatli deb biladi. Aksariyat ota-onalar qanday qilib sogʻlom, baxtli, talab katta boʻlgan mutaxassis, haqiqiy doʻstlar va yaqinlar qurshovida boʻladigan muvaffaqiyatli bolani tarbiyalash mumkinligi haqida koʻp oʻylanishadi.
Quyida bu masalada sizga yordam beradigan bir nechta foydali maslahatlar keltirilgan.
- Qanchalik tez boʻlsa, shuncha yaxshi
Tugʻilganidan to 5 yoshgacha bola yangi ma’lumotlarni juda oson va tez qabul qiladi. Shuning uchun u bilan shugʻullanishni imkon qadar erta boshlash muhimdir. Shu bilan birga, darslar murakkab va zerikarli boʻlmasligi kerak, aksincha bolada darslarga nisbatan samimiy qiziqish uygʻotish lozim va bunda “oddiydan murakkabga” tamoyiliga asoslanish kerak.
- Oʻynab oʻrganing
Zerikish – muvaffaqiyatli oʻqishning asosiy dushmanidir. Bola bilan shugʻullanganda doim uni qiziqtirishga harakat qiling. Har bir darsda oʻyin elementlari boʻlsin. Aynan, oʻyin bilan bola ma’lumotni juda yaxshi eslab qoladi. Bundan tashqari, oʻyin orqali siz har qanday narsa haqida gapirishingiz va turli koʻnikmalarni oʻrgatishingiz mumkin.
- Bolalarning salbiy his-tuygʻulariga xotirjam munosabatda boʻling
Agar bolangiz biror narsani uddalay olmasa, bundan gʻazablansa va xafa boʻlsa, uning his-tuygʻularini e’tiborsiz qoldirmang. Muammoni ochiqchasiga muhokama qilish va birgalikda yechim topishga harakat qilish afzalroq. Tortishuvli vaziyatlarni oldini olish uchun bolaning eng ogʻir his-tuygʻulariga ham hurmat bilan qarashga harakat qiling.
- Farzandingizga tanlash imkoniyatini bering
Ota-onalar shuni tushunishlari lozimki, bola qanchalik oʻz xohish-istaklarini erta ifodalashni va toʻgʻri tanlov qilishni oʻrgansa, shuncha yaxshi boʻladi.
Bolaga tanlov qilish imkoniyatini berish orqali biz nafaqat uning qalbida mas’uliyat hissini uygʻotamiz, balki uning oʻziga boʻlgan hurmat va ishonch tuygʻusini oshirishga yordam beramiz.
- Birgalikda bajariladigan ishlarga vaqt ajrating
Ota-onalarning bolaning oʻquv jarayonida ishtirok etishi juda ahamiyatli. Bu, ayniqsa, matematika kabi murakkab fanlarni oʻzlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda ota-onalarga bilimlaridagi kamchiliklarni toʻldirishga va farzandlariga mavzuni oʻzlashtirishga yordam beradigan maxsus qoʻllanmalar mavjud.
- Kamroq taqiqlang
Yodingizda boʻlsin, agar bolaligidanoq uning xohish va his-tuygʻulariga e’tibor bermasangiz, farzandingiz muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Bunday holatda, atrofimizdagi dunyoni oʻrganishda ma’lum darajada “sogʻlom” erkinlik kerak. Har doim ham hamma narsani taqiqlashingiz shart emas.
Va unutmangki, sizning muhabbatingiz, gʻamxoʻrligingiz va e’tiboringiz butun oʻquv jarayonining eng muhim tarkibiy qismidir. Aynan, ota-onalarning muhabbati bolalarga oʻzini hurmat qilish va qabul qilishda yordam beradi. Muhabbat qurshovida boʻlgan bolalar balogʻat yoshida yanada muvaffaqiyatli va baxtli boʻlishadi.