Farzangizdan sigaret topib olsangiz nima qilishingiz kerak?
Agar bola chekishni boshlagan bolsa, uning atrofida kimdir chekayotgan boʻlishi ehtimoli bor. Aslida, koʻpchilik oʻsmirlar kattaroq boʻlib koʻrinishni istagani uchun, oʻz doʻstlari bilan “bir darajada” boʻlishi uchun chekishni boshlaydi. Ba’zida esa oʻsmir nima uchun bunday qilayotganini oʻzi ham bilmaydi.
Buni oldini qanday olish mumkin?
Bolangiz, zarur boʻlganda, boshqalarga “yoʻq” deya olishi juda muhim boʻladi. Lekin buni unga ancha avvalroq yoshlik paytlaridan tushuntirish kerak. Bolani shunday tarbiyalash kerakki, u ota-onaga oʻzining nimanidir qilishni istagani yoki istamasligini aniq va oshkora gapira olishi lozim.
Bola chekish zararli ekanini tushunib yetishi juda muhim. Buning uchun mos soʻzlarni topib aytish kerak. Baʼzan bunga erishish qiyin kechadi. Masalan, agar siz bolangizga, mobil telefondan uzoq foydalanganda koʻr boʻlib qolish mumkin, deb aytsangiz, u tez orada bunday emasligini tushunib qoladi. Agar siz oʻzingiz chekuvchi boʻlsangiz bolaga uning zararli ekanini uqtirish befoyda. Bolalar juda yaxshi kuzatuvchilardir va ular ota-onalariga taqlid qilishga moyil boʻladilar.
Bola chekishni boshlab yuborganini bilib qolsangiz nima qilish kerak?
Eng samarali strategiya — bunday vaziyatda sizning tinch va vazmin boʻlishingiz va bola nima uchun chekayotganini tushunishga harakat qilishdir. Bolaning gaplarini, uni tanqid qilmay va unga nasihat qilmay tinglang. Unutmang, ularga maktabda ham chekishning zarari haqida gapirishadi, ular buni sizsiz ham biladi. Demak, agar u cheka boshlasa, oʻzlarining qandaydir kechinmalarini bildirishga intilimoqdalalar: “hamma qatori boʻlishni istayman”, “men zoʻrman, degan taassurot qoldirmoqchiman”, “men zerikayapman”, “menga hamma narsani taqiqlashadi, buni esa men oʻzim hal qilaman”, “doʻstlarimga, hammaga “yoʻq” deya olmayman” va hokazo. Bularni hammasini tushunish va qabul qilish bilan yondashish kerak.
Suhbat paytida oʻsmir uchun ahamiyatga ega boʻlgan argumentlar ishlatishga harakat qiling. Masalan, chekuvchi insonlar bilan muloqot qilish yoqimsiz, ularning sochlari xiralashadi, tishlari esa sargʻayib ketadi. Chekish organizmga juda katta zarar yetkazadi. Ammo bularni aytar ekansiz hissiyotlarga berilmang.
Yodda tuting, siz oʻsmirga chekishni taqiqlashingiz mumkin, ammo janjal va jazolar qoʻllash hech qanday samara bermasligi mumkin. Faqatgina bola bilan oʻrnatilgan ishonchli munosabatlar, hamda ota-onalar bolaga bera oladigan oʻziga ishonch va oʻz-oʻzini baholash darajasi bunda yaxshi taʼsir qilishi mumkin.
Bolaning nima uchun chekishni boshlaganini aniqlash masalaga yechim topishga yordam berishi mumkin — suzish darslari, basketbol, uy hayvoni boqish, yangi qiziqish yoki hobbini rivojlantirish, bularning barchasi sifatli vaqt oʻtkazishga yordam beradi va chalgʻitadi. Bola sizning gʻamxoʻrligingiz va ishonchingizni his qilishiga yordam bering.
Kelasi maqolalarda farzandingiz bilan munosabatlaringiz nima uchun yaxshi emasligini, siz bilan nimaga gaplashgisi kelmayotganini va sizning u bilan sokin gaplasha olmayotganingizda qanday yoʻl tutish kerakligini oʻqing.