Bolalar uchun аvtomobil oʻrindigʻini qanday tanlash kerak?
Bolalar avtomobil oʻrindigʻi — bu bolalarni mashinada olib yurish uchun maxsus qurilma. Oʻrindiqning asosiy vazifasi bolaning xavfsizligi, koʻpchilik oʻylaganidek, faqat yoʻl-transport hodisalari paytida emas balki toʻsatdan qilingan turli harakatlar, yani manevrlar va tormozlanish paytida ham xavsizlikni ta’minlashidan iborat. Statistik ma’lumotlarga koʻra, bolani avtomobil oʻrindigʻida tashish oʻlimga olib keladigan jarohatlar ehtimolini 75 %ga kamaytiradi.
Bugungi rivojlanish jadal kechayotgan davrda chaqaloq uchun avtomobil oʻrindigʻini tanlash unga aravacha yoki beshik tanlash kabi muhimdir. Avtooʻrindiq qulay, ixcham va eng muhimi xavfsiz boʻlishi kerak.
Bolalar avtomobil oʻrindigʻini tanlash uchun muhim jihatlar:
- Avtooʻrindiqning holatini oʻzgartirish imkoni boʻlishi kerak, ya’ni, oʻtirish holati va uxlash holati boʻlishi kerak.
- Bolaning umurtqa pogʻonasi shikastlanishidan, qorin boʻshligʻining ichki shikastlanishlaridan himoya qiladigan yumshatuvchi prokladkalar va “Y” shakldagi tasmalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Juda tor boʻlgan kamarlar bolaning sogʻligʻiga zarar yetkazishi mumkin.
- Ichki kamarlarning ishga tushirilishi bir zumda amalga oshirilishi kerak, chunki tormozlanish paytining ilk daqiqalarida paydo boʻladigan inertsiyani toʻxtatish juda qiyin boʻlib bu vaqtda yuzaga keladigan katta bosim bolaga zarar yetkazishi mumkin.
- Ichki xavfsizlik kamarlarini vaqti-vaqti bilan tortib qoʻyish uchun mexanizmlarning boʻlishi juda zarur, chunki mashina harakatlanganda va silkinganda kamarlar boʻshashib ketishi mumkin.
- Oʻrindiqni joyiga qotirish mehanizmlariga e’tibor berish muhimdir. Ular oʻrindiqni ishonchli tarzda ushlab turishdan tashqari bolaga zarar yetqazadigan darajada boʻrtib chiqib turmasligi lozim.
- Oyoqlar orasidagi qisqich mustahkam va yetarlicha keng boʻlishi kerak.
- Avtomobilning yon tomoni urilganda himoya qilish uchun bolalar oʻrindigʻining yon devorlari baland boʻlishi va keskin toʻxtash yoki avtomobilning orqa qismiga toʻqnashuvdan himoya qilish uchun esa uning suyanchigʻi baland boʻlishi kerak.
- Asosi metaldan emas balki plastikdan yasalgan oʻrindiq olishga harakat qiling.
Hurmatli ota-onalar, avtomobil oʻrindigʻi sotib olayotganda, farzandingizni oʻzingiz bilan birga olib boring. Bolani avtomobil oʻrindigʻiga bir muddat oʻtqizib, kamarlarini sozlab koʻring, oʻrindiq bolaga qulay va boʻy-bastiga mos ekanligini tekshiring, unda bolaning boshini yaxshi himoyalovchi sozlamalar borligiga ishonch hosil qiling.