Bolalarni yoʻl harakati jarohatlari haqida ogohlantirishda kattalarning oʻrni
Hurmatli ota-onalar! Siz bolalarning koʻchada harakatlanish paytida intizomli xulq-atvorini shakllantirish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlarini ta’minlashda oʻqituvchilarning faol va asosiy yordamchilarisiz.
Sizning farzandingiz quyidagilarni oʻzlashtirishi juda ham muhim:
- koʻcha boʻylab xotirjam qadam bilan, piyodalar yoʻlagining oʻng tomonidan yurish kerak;
- faqatgina svetoforning yashil chirog‘i yonganda piyodalar yoʻlakchasi boʻylab avtomobillar toʻxtaganligiga ishonch hosil qilgan holda yoʻlni kesib oʻtish mumkin;
- qatnov qismi faqat transport vositalari uchun moʻljallangan;
- yoʻlda harakat svetofor va tartibga soluvchi xodim tomonidan tartibga solinadi;
- jamoat transportida derazadan tashqariga boshni, qoʻllarni va turli predmetlarni chiqarmaslik kerak.
Ushbu qoidalar bilan muntazam ravishda va ortiqcha bosimsiz tanishtirib borilsa, bola bu tushunchalarning barchasini yanada mustahkamroq oʻrganadi. Koʻchada, mahallada, maktabga ketishda yoʻlingizda uchraydigan vaziyatlardan foydalanib bu qoidalarni oʻrgatib boring.
Koʻchada oʻsmir bilan ketar ekansiz, unga transport va piyodalar bilan sodir boʻlayotgan hamma narsani tushuntirib borish foydalidir. Masalan, nima uchun ayni damda qatnov qismini kesib oʻtishning iloji yoʻq, bu holatda piyodalar va avtomashinalar qanday qoidalarga amal qiladi kabilarni. Bolaning e’tiborini koʻchadagi qoidabuzarlarga qarating va qoidani buzar ekanlar turli avtohalokatlarga uchrashlari xavfi haqida tushuntiring.