Bolani yoʻlda uchrovchi “tuzoqlarga” tushmaslikka qanday oʻrgatish kerak?
Hatto svetoforda ham xavfni uchratish mumkin
Bolalar koʻpincha “Mashinalar hali toʻxtab turibdi, haydovchilar meni koʻrishyapti va oʻtkazib yuborishadi” deb oʻylab adashadilar. Chunki, bugungi kunda shahar yoʻllarida avtomashina haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlariga doimo duch kelamiz: ular svetofor va yoʻlni kesib oʻtish belgilariga e’tibor bermay, katta tezlikda oʻtib ketishadi. Shuning uchun bolalarga svetoforning yashil chirogʻiga qarab yurishni oʻrgatishning oʻzi yetarli emas. Chorrahada hech qanday xavf yoʻqligiga ishonch hosil qilib keyin harakatlanishni oʻrgatish juda muhim.
Bolalar koʻpincha boʻm-boʻsh koʻchani kesib oʻtganda yon atrofga qaramasdan yugurishadi
Mashinalar kamdan-kam koʻrinadigan koʻchada bolalar yon atrofni koʻzdan kechirmasdan turib yoʻlga chiqib ketishadi. Farzandingizda har doim yoʻlga chiqishdan oldin toʻxtash, atrofga qarash, tinglash va shundan keyingina koʻchani kesib oʻtish odatini rivojlantiring.
Markaziy chiziqda turganda esda tuting: orqada mashina boʻlishi mumkin
Yoʻlning oʻrtasidagi chiziqqa yetib kelib toʻxtaganda, bolalar odatda faqat oʻng tomondan harakatlanayotgan mashinalarga qarashadi va orqalaridan oʻtayotgan mashinalarni unutishadi. Bola qoʻrqib ketib bir qadam orqaga tisarilishi va mashina yoʻliga chiqib ketishi mumkin. Agar yoʻlning oʻrtasida toʻxtashga toʻgʻri kelsa, yoʻlning xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilmasdan turib biror harakat qilmaslik va juda ehtiyot boʻlish kerak.
Koʻchada bolangizning qoʻlidan mahkam tuting
Bola kattalarning yonida boʻlsa ularga tayanadi va yoʻlni umuman kuzatmaydi yoki yetarli darajada e’tiborli boʻlmaydi. Kattalar buni hisobga olmaydi. Koʻchada bolalar har xil narsalar, tovushlar bilan chalgʻiydi va harakatlanayotgan mashinani payqamay, yoʻl boʻsh deb oʻylab, kattalarning qoʻlidan chiqib ketishadi va yoʻl boʻylab yugurishadi. Yoʻlni kesib oʻtayotganda bolaning qoʻlini mahkam ushlab yurishingiz kerak.
Arklarda va hovlilardan chiqish joylarida yashirin xavf boʻlishi mumkin
Katta shaharlarda hovlilalardan yoʻlga chiqish nuqtalarida barpo etilgan arklar (peshtoqlar) xavf ortib borayotgan joylardan biridir. Bolalarning kattalardan oʻzib ketib arklar yonidan yugurib oʻtishiga yoʻl qoʻymang. Ularning qoʻllaridan ushlab yurish kerak.
Yodingizda boʻlsin! Bola koʻchada harakatlanish qoidalarini oʻrganarkan, u sizdan, ota-onalardan va boshqa kattalardan oʻrnak oladi. Sizning koʻrsatadigan namunangiz nafaqat farzandingizga, balki boshqa bolalarga ham koʻchada intizomli xatti-harakatlarni oʻrgatadi. Yoʻl harakati qoidalariga rioya qilgan holda yoʻlni kesib oʻting.