Bolaning ta’lim olishiga to‘sqinlik uchun javobgarlik

Bilasizmi? Ota-onalar farzandlarini voyaga yetguniga qadar nafaqat moddiy ta’minoti, ya’ni yeb-ichishi, kiyinishi uchun, balki ularni o‘qishi, tarbiyalanishi, jismoniy, ma’naviy va intellektual rivojlanishi uchun ham mas’uldir. Ushbu talab bir necha qonun hujjatlarida ham belgilab qo‘yilgan. Jumladan, Oila kodeksida, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan.

Voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi 2majburiyatlari:

  • farzandlarining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki boshlang‘ich professional ta’lim olishini ta’minlashi;
  • farzandlarining o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashishini ta’minlash va o‘zlashtirishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • o‘z bolalarining intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • ta’lim tashkilotining ta’lim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi ichki tartib-qoidalariga rioya etishi majburiyatlari yuklatilgan.

Agar ota-onalar ushbu majburiyatni bajarmasalar, javobgarlikka tortiladilarmi?

Albatta, qonunchilikda ota-onalarga farzandlarini ta’lim olishiga to‘sqinlik qilgani uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan va quyidagi jazolar belgilab qo‘yilgan:

  • Bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima;
  • Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima;
  • Bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi;
  • Ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazosiga sabab bo‘ladi.
Oldingi Keyingi