Huquqingiz buzilganda qayerga murojaat etish mumkin?

Barchamiz hayotimiz davomida davlat idoralariga yoki tashkilotlariga u yoki bu huquqiy manfaatlarimiz yuzasidan murojaat etamiz. Afsuki, har doim ham bizning huquqlarimiz va qonuniy manfaatlarimiz birdek ta’minlanmaydi. Shunday holatlarda o‘z huquqimiz buzilishi yuzasidan qayerga murojaat etish mumkin?

Ma’lumki, yurtimizda “Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi” tasdiqlangan (to‘liq ma’lumotlarni Vazirlar Mahkamasining 2018 -yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tanishib olishingiz mumkin).

Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda ariza, taklif va shikoyat shaklida berilishi mumkin. Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga ega.

  • Ariza — huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;
  • Taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat;
  • Shikoyat — buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risida talab bayon etilgan murojaat.

Bilasizmi? Qonunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etish huquqi kafolatlanadi.

Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Murojaat etish huquqining amalga oshirilishi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek, jamiyat va davlat manfaatlarini buzmasligi kerak.

Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga, shuningdek, yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa holatlariga qarab kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ota-ona qarovisiz qolgan bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlanadi va bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi sabablari bilan bunday murojatlar ko‘rib chiqilmasligiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Murojaatlar ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga bevosita yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.

Murojaatda jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Sizning murojaatingiz qonunda belgilangan tartibda 15 kun muddatda ko‘rib chiqilishi va sizga yozma ma’lumot (javob) berilishi shart.

Davlat organlarining murojaatingizda berilgan javobidan norozi bo‘lgan taqdiringizda yuqori turuvchi davlat organlari yoki sudga murojaat etishingiz mumkin. Masalan, fuqarolik sudi, “Xalq qabulxonasi”ga murojaat etish mumkin.

Oldingi Keyingi