Bola telefon oʻyinlariga bogʻlanib qolmasligi uchun nima qilish kerak?
Bolaning telefon va boshqa gadjetlardan foydalanishni tez oʻrganib olganini koʻrgan kattalar avvaliga qoyil qolib xursand boʻladilar, keyin esa xavotirlana boshlaydilar. Telefonga borgan sari koʻproq vaqt sarflar ekan oʻsmir darsda oʻtira olmaydigan boʻlib qoladi, diqqatni yoʻqotadi, asabiy, uyquchi boʻlib qoladi, ishtahasi kamayadi, uyqusi yaxshi emasligidan shikoyat qiladi.
Agar avvallari voyaga yetmagan bolalarda koʻproq kompyuter oʻyinlariga bogʻlanib qolish muammosi boʻlgan boʻlsa, hozirgi paytda smartfonlar ularni oʻrnini bosdi va endi sevimli oʻyinni oʻynash uchun uyga kelish shart emas, zero har doim yonlarida turadigan telefonda ham shu oʻyinlar bor.
Bolalar real hayotni unutib, butunlay virtual olamga kirib ketyaptilar. Hali fikri yetuk boʻlib ulgurmagan yosh bolalar borgan sari telefon ilovalaridan yaxshiroq mashgʻulot yoʻq deb hisoblaydilar. Natijada ota-onalar farzandlarining oʻyinga bogʻlanib qolayotganini anglab boradilar. Bola boʻsh vaqtining hammasini telefonga sarflaydi va ba’zan hatto uy ishlarini ham tashlab qoʻyadi. Bu hayotning barcha jabhalariga boʻlgan qiziqishning kamayishi bilan ifodalanadi: qarindoshlar bilan jonli muloqot kamayishi, baholar pasayashi oʻqituvchilar va qarindoshlar bilan nizolar paydo boʻlishi kabilar shular jumlasidan.
Agar farzandinigiz telefon oʻyinlariga haddan tashqari koʻp vaqt sarflayotganlarini sezsangiz quyidagi bir qancha maslahatlarni taklif qilamiz:
- Farzandingizga oʻzingiz namuna boʻling. Telefoningizni ehtiyoj boʻlmaganda ishlatmaslikka harakat qiling.
- Unga oʻziga yoqqan mashgʻulot bilan shugʻullanishiga sharoit yaratib bering. Bolalar tabiatan juda qiziquvchan boʻladilar. Ular uchun atrofdagi hamma narsa qiziq. Agar farzandingiz uchun qiziq boʻlgan mashgʻulotni, masalan, oʻqish, rassomlik, sport, kichik samalyotlarni maketlash va shunga oʻxshash toʻgaraklarni topishda kuchingizni sarflasangiz, sizdan uni gadjetlardan uzoqroq tutishga kamroq harakat ketadi.
- Farzandingiz bilan birgalikda kun tartibini tuzing. Bola zerikkanidan eng oson oʻyinlarni topadi. Uning kunlarini qiziqarli vazifalar, mashgʻulot va darslar bilan, doʻstlari bilan muloqot qilish bilan toʻldiring. Unga yengil uy vazifalarini topshiring. Lekin shu bilan birga dam olishiga ham vaqt qoldiring.
- Kattalar ham, bolalar ham, oʻsmirlar ham telefondan foydalanishi mumkin boʻlmagan joylar va paytlar haqida kelishib oling. Masalan, ovqatlanish paytida, uxlashdan avval, mehmonga borganda va hokazo.
- Bolangiz bilan birga smartfon oʻynab koʻring. Shunda siz u yoki bu oʻyinda unga aynan nima yoqib qolganligini tushuna olasiz.
- Mobil telefonda rivojlantiruvchi oʻyinlarni oʻrnatib, ulardan foydalaning. Hozirda bola oʻynash jarayonida koʻplab yangi bilimlarga ega boʻluvchi turli xil ilovalar mavjud. Lekin bunda bolaning ekran oldida oʻtkazadigan vaqtini nazorat qilishni unutmang.
Bolada virtual dunyoga “qochib ketish” xohishi paydo boʻlmasligi uchun uni haqiqiy hayotda futbol, boks, raqs toʻgaragi kabi turli xil faol mashgʻulotlar bilan jalb qiling. Shunda turli ilovalarni bloklab qoʻyish, telefonni olib qoʻyish kabi muammolar oʻz-oʻzidan hal boʻladi