Farzandingizdan veyp (elektron sigareta) topib olsangiz nima qilishingiz kerak?

Veyping (ingliz tilidan “vaping” – parlanish) — elektron sigaretalar, va shunga oʻxshash boshqa parlanuvchi moddalarni chekish jarayoni. Veyplar elektron sigaretalar, ya’ni mini kalyanlardir.

Veyplar yoshlar ichida juda ommalashib ketdi. Nima uchun? Ehtimol elektron veyp moslamasining koʻrinishi bolalarga yoqib qolganligi uchundir. Shu bilan birga, veyp sigaretasi kiyimda, qoʻllarda va ogʻizda hid qoldirmaydi.

Farzandingizdan veypni topib olsangiz nima qilishingiz kerak?

  • Avval farzandingizga bundan habaringiz borligini bildiring; bu haqda tinchlik yoʻli bilan, uni tanqid qilmay gapiring. Hozir sizning birinchi darajali vazifangiz – bu hol endi sir emasligini va veyp “totli” narsa emasligini farzandingizga tushuntirish va uni tinchlantirish.
  • Agar farzandingiz bilan munosabatingiz oʻzaro ishonchga qurilgan boʻlsa, u bilan koʻngildan suhbatlashing. Undan nima uchun veypni tatib koʻrishga qaror qilganini soʻrang. Unga bu nima beradi? Imtihondan oldin hayajonini bosish uchunmi? Oʻzini katta, zoʻr deb koʻrsatish uchunmi? Qiziqib qolganidanmi? Boshqalarga qoʻshilgani uchunmi? Farzandingiz bilan birgalikda stressni yengish, oʻzini yaxshi tomondan koʻrsatish yoki doʻst orttirishning boshqa yoʻllarini topishga harakat qiling.
  • Agar siz yoki oilangizning boshqa aʼzosi chekadigan boʻlsa – oʻzingizda chekishni tashlash uchun motivatsiya toping! Bola uchun eng yaxshi na’muna bu sizsiz. Agar oʻzingiz chekishda davom etsangiz-u, boladan uni tashlashni talab qilsangiz, bu mantiqiy boʻlmaydi.
  • Oiladagi iliq muhit bolada stress kamayishiga sharoit yaratadi. Farzandingiz maktabdan kelganida, yoki oʻzingiz ishdan kelganingizda, uning kuni qanday oʻtganligiga doimo qiziqib koʻring.
  • Urgʻuni faqat salomatlikka beravermaslik kerak. Bolalar va oʻsmirlar odatda oʻzini jismonan yaxshi sezadi va uzoq kelajakda boʻladigan oqibatlarni oʻylamaydi. Ularni turli-tuman kasalliklar: infarkt, insult, tromboz va onkologiya qiziqtirmaydi. Ular yosh, gʻayratli va kuchga toʻla boʻladilar. Bu yoshdagi qizlar uchun tashqi koʻrinish eng muhimi, shuning uchun ularga elektron sigaretlarning tish emaliga zarari haqida gapirib taʼsir oʻtkazish mumkin. Oʻgʻil bola esa jismonan kuchli, baquvvat va sportchi boʻlishga intiladi: bu zararli odat ularning jismoniy koʻrsatkichlari yomonlashishiga yoki mashqlarning natijasi pasayishiga olib kelishini bilsalar, shunda aytgan soʻzlaringiz kuchli ta’sir oʻtkaza oladi.

Afsuski, ota-onalar yoshlarning shunga oʻxshash muammolari bilan vaqti-vaqti bilan duch kelib qoladilar. Yaxshiki, bu holatlar normal hisoblanadi. Eng asosiysi farzandi ishonadigan ota-ona boʻlishdir. Unga doʻst va tayanch boʻla olish, agressiya koʻrsatmaslik juda muhim. Har qanday bahs va muammolarni yaxshi soʻz va qoʻllab-quvvatlash bilan hal qilish mumkin.

Oldingi Keyingi