Farzandlaringizga oʻzaro doʻstona munosabatda boʻlishlarida qanday yordam bera olasiz? (2-qism)

Farzandlarimiz doim ham oʻzimiz xohlaganimizdek inoq boʻla olishmaydi. Bir oilada unib oʻsishlariga qaramay, fe’l-atvorlari, oʻzlarini tutishlari bir-biridan farq qiladi va ular doim ham kelisha olishmaydi. Farzandlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni qanday qilib yaxshilash haqida ota-onalarga bir nechta maslahatlar oldingi maqolada ham berib oʻtilgan.

Farzandlaringizga tinglashni va boshqalarga quloq solishni oʻrganishga yordam bering.

Tinglash bu boshqalarga hurmat koʻrsatish usullaridan biri hisoblanadi va hurmat doʻstlar, sheriklar, aka-uka va opa-singillar oʻrtasida yaxshi munosabatlar oʻrnatish uchun zarur omil hisoblanadi. Bolalarga buni oʻzingizning misolingiz bilan birovning fikrlarini tinglash va tushunishga harakat qilish qanchalik yaxshi ekanini koʻrsating va bir-biriga nisbatan xuddi shunday qilishni maslahat bering.

● Boshqalarni hurmat qilish muhimligi haqida gapiring.

Bolalarga oʻzlariga qanday munosabatda boʻlishni xohlasalar boshqalarga xuddi shunday munosabatda boʻlishlari kerakligini eslatib turing.

● Ularga hammaning oʻz nuqtai nazari borligini tushuntiring.

Qadrdon insonlar ba’zan bir-birlari bilan kelishmasliklari mumkin — bu haqiqat. Ammo bu ziddiyatlarni qanday boshqarishimiz muhim. Farzandlaringizga hayotga har doim ham bir xil nazar bilan qarash mumkin emasligini va bu normal holat ekanini tushuntiring. Har bir inson oʻz nuqtai nazariga ega boʻlishi mumkin. Agar kelishmovchiliklar boʻlsa, bu bir-birini haqoratlash, urushish kerak degani emas. Biror kishi boshqacha fikrga ega boʻlsa undan nafratlanish kerak emas.

● Oilaviy rishtalarning ahamiyatini tushuntiring.

Farzandlaringizga vaqti-vaqti bilan oila eng muhim narsa ekanligini eslatib turing. Ularga agar ular aka-uka bilan emas, balki doʻstlari bilan vaqt oʻtkazishni yoqtirishsa ham, oilaviy aloqalar hayotning muhim qismi boʻlib qolishini uqtiring. Agar ular aka-uka va opa-singillar oʻrtasidagi munosabatlarning muhimligini hali toʻliq tushunmagan boʻlsalar ham, bu ibora doim takrorlanib turishga arziydi.

● Oʻyin-kulgiga vaqt ajrating.

Birgalikda dam oladigan oilalar nizolarga kamroq moyil boʻladi. Butun oila zavqlanadigan oʻyinlar va mashgʻulotlarni tanlashga harakat qiling. Masalan, butun oila bilan velosiped haydash yoki ajoyib yangi film tomosha qilsa boʻladi.

Agar sizning farzandlaringiz bir-biridan uzoqlashayotgandek tuyulsa, tashvishlanmang, odatda hamma narsa toʻgʻri yondashuv bilan yaxshilanadi. Ammo agar ular haqiqatan ham bir-biri bilan janjallashsa va bu sizning oilangiz uchun muammo tugʻdirsa, oʻsmirlar bilan ishlaydigan psixolog bilan bogʻlaning.

Oldingi Keyingi