Oʻsmirlik davri inqirozi haqida nimalarni bilish muhim?

Barcha ota-onalar oʻsmirlik davrida bolaning kayfiyati oʻzgaruvchan boʻlib qolishini biladilar. Ba’zan ota-onalar oʻsmir bilan qanday muloqot qilishni bilmay oʻzlarini ojizliklarini his qiladilar. Ular har qanday yoʻllar bilan farzandlariga ta’sir oʻtkazishga harakat qiladilar va bunda hattoki salbiy yoʻllarni ham qoʻllaydilar. Masalan, koʻpincha ular oʻsmirga baqirib yuborishadi yoki uni turli usullar bilan jazolashadi. Natijada oʻzaro munosabatlar yanada yomonlashadi.

Oʻsmirlik davri bolalikdan kattalik davrga oʻtishdagi inson taraqqiyoti davri hisoblanadi. Bu davr ong, faoliyat va munosabatlar tizimida tub oʻzgarishlarga ega ekani bilan xususiyatlanadi. Agar “oʻsmirlik inqirozi” davrida farzand tarbiyasi va ruhiy kechinmalariga alohida e’tibor berilmasa, keyinchalik ularning fe’l atvorida salbiy oʻzgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun bu davrda ota-onalar juda e’tiborli boʻlishlari kerak va farzandi bilan nimalar sodir boʻlayotganini bilishlari kerak:

  • Oʻsmir oʻsib ulgʻayotganini his qila boshlaydi va oʻzini kattalar kabi tutishga, ulgʻayganini koʻrsatishga harakat qila boshlaydi. Shuning uchun u mustaqillikni, uni tan olishlarini, kattalar uning huquq va imkoniyatlarini qabul qilishlari zarurligini his qiladi.
  • Oʻsmirlar koʻpincha oʻzlaridan qoniqmaydilar. Ular bilan sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar ularning asabiylashishiga olib keladi, qolaversa, oʻziga boʻlgan ishonch bu davrda juda zaif boladi. Bu salbiy fikrlar va tashvishlarga olib kelishi mumkin, shuning uchun ota-onalar va yaqin qarindoshlar ular bilan yurakdan gaplashishlari kerak.
  • Oʻsmirlarga, shuningdek, oilaviy sharoitlar ham salbiy ta’sir koʻrsatishi mumkin. Ba’zi oilalarda bolalar turli vaziyatlar bilan yolgʻizlikda kurashadilar. Oʻsmirda oilaviy hayotdan norozilik tuygʻusi oshadi va bu ichki gʻalayonga aylanadi. Ota-onalar oʻrtasidagi nosogʻlom munosabatlar va ba’zi ota-onalarning spirtli ichimliklarga boʻlgan qaramligi ham bolaning ruhiy holatiga ta’sir qilishi mumkin.

Bu davrda ota-onalar farzandlari bilan tez-tez birga vaqt oʻtkazishlari va muloqot qilishlari kerak. Ular oʻsmirning ichki dunyosiga, uning orzulariga qiziqish bildirishlari va uni ragʻbatlantirishlari kerak, lekin unga bosim oʻtkazishdan tiyilishlari lozim. Oʻsmirning doʻstlari doirasi bilan tanishish ham uning shaxsiy maqsadlari va xulq-atvorini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Farzand tarbiyasida oilaviy muhit muhim oʻrin tutadi. Hatto oddiy oilaviy janjallar ham ularning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir koʻrsatishi mumkin. Shu bois ota-onalarning qoʻllab-quvvatlashi va ularning munosabatlari bolalar uchun eng zarur masalalardan biri hisoblanadi.

Oldingi Keyingi