Breketlarni qachon oʻrnatsa boʻladi?

Bolaning tishlamini (prikus) vaqtida tuzatish, u ulgʻaygach uzoq, murakkab va qimmat davolanishning oldini oladi. Toʻgʻri tishlam va jagʻlarning sogʻlom rivojlanishi uchun breketlarni yoshlikda oʻrnatgan ma’qul.

Bolaning tishlarini tekshirish va ulardagi muammolarni erta aniqlash uchun stomatolog va ortodontga 3-4 yoshidan boshlab koʻrsatish kerak. 10-12 yoshgacha sut tishlari doimiy tishlarga almashinib boradi, organizmning suyak tizimi faol shakllanadi. Shuning uchun, bu yoshda tishlar joylashuvini yechib taqiladigan plastinkalar yoki treynerlar yordamida tuzatgan ma’qul. Ular tishlarga zarar yetkazmaydi va mavjud boʻlgan vaziyatni kuchayib bormasligi uchun yordam beradi.

Keyinchalik, oʻsmirlik davriga kelib breket tizimi yordamida davolashni boshlash mumkin.

Breketlar qanday holatlarda oʻrnatiladi?

  • notoʻgʻri tishlam;
  • tishlar orasida sezilarli boʻshliqlar mavjudligi;
  • yuqori va pastki jagʻ orasidagi farq;
  • turli chaynov disfunksiyalari;
  • tabassumning estetik nomukammalligi.

12 yoshga qadar emal qatlamiga zarar yetkazish ehtimoli yuqori. Shuning uchun breketlarni oʻrnatish uchun eng maqbul yosh 12-18 yoshlardir. Ushbu davr mobaynida tish qatorlari turli xil oʻzgarishlarga moyil boʻladi, suyak toʻqimasi oʻsadi, tishlar osongina suriladi, yosh organizmning kuchi yuz skeletining oʻsishi va shakllanishiga qaratilgan boʻladi. Davolash jarayoni tezroq va ogʻriqsiz kechadi.

Bolalarning breket yordamida davolanishga tayyorligini aniqlaydigan mezonlar quyidagilardir:

  • emalning mustahkamligi;
  • breketlarni oʻrnatish uchun mos boʻlgan tish uzunligi;
  • yuqori kesuv tishlarning mavjudligi.

Agar farzandingiz yoki oʻzingiz uchun breketlarni oʻrnatishga qaror qilgan boʻlsangiz, ortodont tish shifokoriga murojaat qilishingiz kerak.

Farzandingiz breket taqishni rad etayotgan boʻlsa, keyingi maqolada nima uchun breketlarni taqishdan uyalmaslik kerakligi haqida oʻqishi mumkin.