Kandidoz (molochnitsa) va uning kelib chiqish sabablari?
Kandidoz yoki xalq tilida molochnitsani zamburugʻ infeksiyasi chaqiradi. Bu zamburugʻlar doimo organizmimizda yashaydi va sogʻlom tanada oʻzini hech qanday namoyon qilmaydi. Ammo turli sabablarga koʻra ularning soni haddan tashqari ortib, kandidoz kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.
Kondidoz nafaqat kattalarda, balki yosh bolalarda va qizlarda ham yuzaga kelishi mumkin. Bunday jarayon nafaqat jinsiy a’zolarda, balki ogʻiz boʻshligʻi, teri va ichki organlarda ham uchraydi.
Kandidoz yuzaga kelishiga quyidagilar sabab boʻlishi mumkin:
- antibakterial preparatlarni uzoq muddat qabul qilish;
- gormonal oʻzgarishlar, shu jumladan oʻsmirlik davridagi, hayz koʻrishdan oldin, homiladorlik, menopauza vaqtida, kontratseptiv vositalarni qabul qilganda;
- immunitet pasayganda;
- notoʻgʻri ovqatlanish, uglevodlarga boy mahsulotlar, xamirturushli pishiriqlar iste’mol qilganda;
- gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik – tarkibida koʻp miqdorda ishqor boʻlgan sovun, gel, gigiyena vositalaridan foydalanish,
- tor yoki sintetik ichki kiyim kiyish;
- sintetik yoki aromatik prokladka va kundaliklardan koʻp foydalanish;
- surunkali stress va emotsional zoʻriqish.
Qin kandidozining belgilari quyidagilar:
- yoqimsiz nordon hidga ega “tvorogsimon” oqimtir ajralmalar;
- shilliq qavat va tashqi jinsiy a’zolarning shishishi va qizarishi;
- jinsiy sohada qichishish va achishish (asosan peshob chiqargach va jinsiy aloqa paytida kuchayadi).
Ammo, har doim ham qichish va ajralmali holatlar kandidoz boʻlavermaydi. Ba'zida shunga oʻxshash alomatlar jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infektsiyalarda ham uchraydi.
Agar qin kandidozi belgilari paydo boʻlsa, tashxis qoʻyish va davolash uchun ginekologga murojaat qilishingiz kerak.
Kandidozning oldini olish va takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun quyidagilarga rioya qilish kerak:
- jinsiy a’zolar gigiyenasida faqat suv va maxsus sovunlardan foydalaning;
- shakarli va uglevodlarga boy, shuningdek, xamirturushli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishni cheklang;
- stress va ortiqcha zoʻriqishlardan saqlaning;
- antibakterial, gormonal dorilarni nazoratsiz va tez-tez qabul qilishdab voz keching;
- tor va sintetik ichki kiyim kiyishdan voz keching.