Bitlash va qanday qilib undan qutilish mumkin?
Bitlash (pedikulyoz)ni inson terisida yashaydigan va uning qoni bilan oziqlanadigan parazitlar keltirib chiqaradi.
Odamda asosan bosh biti, kiyim biti va qov biti uchraydi.
Bosh biti bolalarda, ayniqsa, 5 yoshdan 12 yoshgacha boʻlganlar orasida juda keng tarqalgan. Bitlar uchish va sakrashni bilmaydi, lekin ular yaxshi oʻrmalaydi, chopadi va hattoki suza oladi. Sogʻlom boshga chaqirilmagan mehmon osongina yuqishi mumkin: avval bitlagan boshda qoʻllanilgan taroq, bosh kiyim, quloqchinlar sogʻlom boshda ham qoʻllanilishi orqali.
Bosh biti boshning sochli qismida yashaydi, bosh qismi qoni bilan oziqlanadi va tuxum qoʻyadi, soʻngra ularni sochlarga yopishtiradi – ularni sirka deb atashadi. Sirkalarning rangi oqimtir-sargʻish boʻlib, lupasiz ham yaxshi koʻrinadi.
Bitdan ajralib chiqqan soʻlak ta’sirida, u chaqqan joy qattiq qichiydi. Qattiq qashingan joylariga odam oʻz qoʻllari bilan infeksiyani olib kirishi mumkin.
Kattalarga bitlar oiladagi bolalardan osonlikcha yuqishi mumkin, shuningdek, bitni hammomlarda, suzish havzalarida va sartaroshxonalarda, bolalar muassasalariga xizmat koʻrsatishda yoki zich jamoat joylarida ham yuqtirib olish mumkin.
Bosh bitidan farqli oʻlaroq, kiyim-kechak biti kiyim taxlamlarida yashaydi va shu yerga tuxum qoʻyadi. Shu sababli chaqish joylari kiyimning tanaga tegib turgan yerlarida kuzatiladi: bel, tirsak va tizza burmalarida, yoqa hududida.
Qov biti qov pedikulyozi (ftiriaz)ga olib keladi. Toʻq jigarrang bu kichik parazit jinsiy a’zolar sohasida yashaydi, uning chaqqan joylari qattiq qichishish va achishish hissini chaqiradi. Qov biti asosan jinsiy yoʻl bilan yuqadi.
Bitlardan qanday qutulish mumkin?
- Dermatologga murojaat qiling.
- Dorixonadan pedikulyoz uchun vosita sotib oling.
- Undan koʻrsatmalarga muvofiq foydalaning.
- Boshni shampun yoki bolalar sovuni bilan yuving.
- Oʻlgan bitlar va sirkalarni maxsus taroq bilan sochlardan tarab, olib tashlang.
- Ich kiyim, choyshab va sochiqlarni yuving, shuningdek, ularni dazmol bilan bugʻlang.
- Boshqa oila a'zolarining sochlarini tekshiring va har 10 kun ichida bu tekshiruvlarni takrorlang.