Bolada chiroyli qad-qomatga qanday erishish mumkin?
Qad-qomat — bu tananing tinch va harakatdagi odatiy holatida turishidir. Bola boshini toʻgʻri ushlasa, koʻkrak qafasi ochiq, yelkalari bir xil tekislikda, qorin tortilgan, oyoqlar tizza va tos-son boʻgʻimlarida yoyilsa bu holat toʻgʻri hisoblanadi. Bolada chiroyli gavda shakllantirish uchun quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak:
- Bolaning stoli uning tushib turgan qoʻlining tirsagi darajasida boʻlishi kerak. Stulni tanlayotganda, oyoqlar yerga tegib turishi, tizzalar esa 90 daraja burchak ostida bukilishi lozimligini e’tiborga olish kerak.
- Oʻtirganda esa, bel egilish joyini toʻgʻri saqlagan holda, stul suyanchigʻiga toʻliq suyanib oʻtirish kerak. Koʻkrak va stol orasidagi masofa 1,5-2 sm, bosh bir oz oldinga egilgan boʻlishi lozim.
- Uxlaganda tekis, juda yumshoq boʻlmagan matrasda, past yostiqda yoki boʻyin ostiga valikdan foydalanish tavsiya etiladi. Yotoqning uzunligi bola tanasi uzunligidan 20-25 sm uzunroq boʻlishi kerak.
- Serharakat oʻyinlar bolalar uchun foydalidir, ayniqsa toza havoda. Ular tana mushaklarini mustahkamlaydi, yurak, nafas olish organlar yaxshi ishlashiga va modda almashinuvi faol ishlashiga yordam beradi.
- Gavda buzilishini oldini olishning eng samarali vositalaridan biri bu toʻgʻri va oʻz vaqtida boshlangan jismoniy tarbiyadir. Bolaning qiziqishlariga qarab, bolani suzish, yugurish, gimnastika, raqs yoki boshqa foydali sport turlariga berish mumkin.
- Ovqatlanish toʻliq va xilma-xil boʻlishi kerak. Bolaning ratsionida sut va sut mahsulotlari (kefir, yogurt, tvorog), goʻsht va baliq mahsulotlari, yangi sabzavot va mevalar, sharbatlar boʻlishi kerak.
- Gavda buzilishi kuzatilayotgan barcha bolalar ortoped roʻyxatiga olinishi kerak. Ularga davolash mashqlari, massaj, terapevtik suzish, fizioterapiya va boshqa koʻrsatmalar buyuriladi.
Agar siz farzandingizda, gavda buzilishi yoki egriligiga shubha qilsangiz, ortopedga murojaat qilishni unutmang.