Bolalarda kamqonlikni qanday aniqlash mumkin?
Anemiya (kamqonlik) – qonda qizil qon tanachalari (eritrotsitlar) soni va/yoki gemoglobin miqdorining kamayishi bilan kechadigan kasallik.
Bolalarda anemiyaning koʻp uchraydigan belgi va alomatlari quyidagilardan iborat:
- teri va shilliq pardalar rangining ocharishi;
- ishtaha pastligi;
- tez asabiylashish;
- holsizlik, tez charchash yoki gʻayritabiiy uyquchanlik;
- tirnoq va sochlarning moʻrtligi;
- soch rangining xiralashishi va oʻsishi sekinlashishi;
- soch toʻkilishi;
- lablar yorilishi va ogʻiz burchaklarida yoriqlar hosil boʻlishi;
- quruq teri;
- silliq va yaltiroq til;
- tez-tez shamollash.
Ogʻir anemiya belgilariga quyidagilar kiradi:
- nafas siqishi;
- yurak urishining tezlashishi;
- qoʻl va oyoqlarning shishishi;
- bosh ogʻrigʻi;
- bosh aylanishi va hushdan ketish.
Anemiyaning yakuniy tashxisi laboratoriya tekshiruvidan (umumiy qon tekshiruvidan) soʻng qoʻyiladi.
Agar farzandingizda yuqoridagi belgi va alomatlardan birini sezsangiz, yoki bola oziq-ovqatdan yetarlicha temir olmayapti deb hisoblasangiz pediatr bilan maslahatlashing. Anemiyaning har xil turlari mavjud va ular turli xil davo choralarini talab qiladi. Shuning uchun shifokor bilan maslahatlashmasdan, bolangizga vitamin, ozuqaviy qoʻshimcha yoki boshqa retseptsiz chiqariladigan dori-darmonlarni bermasligingiz kerak.