Diareya (ich ketishi) ning oldini olish va davolash usullari

Dunyo miqyosida diareya (ich ketishi) besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimiga olib keluvchi eng koʻp uchraydigan sabablardan biri boʻlib, pnevmoniyadan (oʻpkaning yalligʻlanishi) keyin ikkinchi oʻrinda turadi.

Ich ketishi odatda ichak infeksiyasining alomatidir. Infeksiya ifloslangan oziq-ovqat, ichimlik suvi, odamdan odamga yuqadi hamda gigiyena qoidalariga rioya qilinmasa, tarqaladi. Ayniqsa, kanalizatsiya, septik va hojatxonalardagi najaslar bilan ifloslangan suv xavflidir. Kattalarga qaraganda bolalarda diareyadan halok boʻlish ehtimoli balandroq, chunki bolalar organizmi tez suvsizlanadi va kuchsizlanadi.

Diareyaning oldini olish va davolash usullari

  • Ich ketishining birinchi belgisidayoq organizmning suv balansini toʻldirish uchun bolangizga koʻproq toza suv, shuningdek, toza suv, tuz va shakar aralashmasi ya’ni tuzli eritma bering.
  • Agar bir soat ichida bir necha marta suvli axlat kelsa yoki najasda qon boʻlsa, bolaning hayoti xavf ostida boʻlishi mumkin. Bunday holatda zudlik bilan shifokorga uchrashish kerak.
  • Qoʻshimcha ravishda vitamin A va sink qabul qilish ich ketish xavfni kamaytiradi.
  • Diareya bilan ogʻrigan bola muntazam ovqatlanishi kerak. Sogʻayib borgach, kasallik paytida yoʻqotilgan energiya va ozuqa moddalarini tiklashi uchun bolaga odatdagidan koʻproq oziq-ovqat berilishi kerak.
  • Gigiyena qoidalariga rioya qilish va toza suvni iste’mol qilish diareyadan himoya qiladi. Hojatdan va najas tekkandan keyin, shuningdek, ovqat pishirish yoki bolalarni ovqatlantirishdan oldin qoʻllarni sovun yoki uning oʻrnini bosuvchi vositalar bilan yaxshilab yuvish kerak.

Bolangizda tez-tez va uzoq ich ketishi kuzatilayotgan boʻlsa, albatta shifokor-pediatrga murojaat qiling, uning tavsiyalariga koʻra davolaning!

Oldingi Keyingi