Gormonal dorilar faqat shifokor maslahati bilan qabul qilinishi mumkin!
Gormonal dorilar — biologik faol moddalarni (gormonlar) oʻz ichiga olgan dori vositalari.
Gormonal dorilar haqida quyidagilarni bilish muhim:
- gormonal dorilar bilan davolanish faqat shifokor tomonidan belgilanishi mumkin;
- toʻgʻri dori vositasini faqat bemor toʻliq koʻrikdan oʻtgandan soʻng buyurish mumkin;
- har bir gormonal dori bir qator qarshi koʻrsatmalarga ega;
- davolash kursi faqat mutaxassis nazorati ostida oʻtkazilishi mumkin.
Koʻpincha gormon terapiyasi quyidagi kasalliklar uchun buyuriladi:
- endokrin tizimning buzilishi;
- ma’lum bir gormon ishlab chiqarishdagi buzilishlar;
- autoimmun kasalliklar;
- reproduktiv(koʻpayish) tizimining buzilishi;
- onkologiya;
- ogʻir allergik holatlarda;
- shok holatlarida.
Afsuski, ba’zi odamlar gormonal dori vositasini shifokor maslahatisiz, oʻzboshimchalik bilan qabul qiladilar va hatto farzandlariga ham beradilar. Bunga sabab, gormonal dorilarning organizmga qanday javob qaytarishi haqida odamlarning bexabarligidir.
Agar gormonal preparat notoʻgʻri tanlansa yoki notoʻgʻri doza va vaqtda qabul qilinsa organizmga zarar keltiradi. Ular eng kuchli dorilardan hisoblanadi va faqat oʻta zarur holatlarda shifokor tomonidangina buyuriladi.
Gormonlarning xavfi va gormon terapiyasining salbiy ta’siri:
- yurak faoliyatining buzilishi;
- kuchli bosh ogʻrigʻi;
- oshqozon-ichak traktining yomonlashishi;
- allergik toshmalar va qichishish;
- qandli diabet rivojlanishi;
- metabolik(moddalar almashinuvi) kasalliklar;
- reproduktiv tizimi kasalliklari;
- tayanch-harakat tizimi bilan bogʻliq muammolar;
- kalsiy soʻrilishining buzilishi;
- psixoemotsional nomutanosiblik va boshqalar.
Shuni ham bilishingiz kerakki, agar shifokor gormonal terapiyani buyurgan boʻlsa, preparatni qabul qilishni mustaqil toʻxtata olmaysiz. Dorini qabul qilishni shifokor buyrugʻiga koʻra asta-sekinlik bilan kamaytirib toʻxtatiladi, aks holda “bekor qilish sindromi” (asosiy kasallikning kuchayib ketishi) yuzaga kelishi mumkin.
Bunday oqibatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun shifokor bemorning vazni, boʻyi va gormonal tahlillar natijalarini hisobga olgan holda dozani hisoblab chiqadi.
Shu sababli gormonal dorilarni qoʻllashdan oldin, shifokoringiz bilan maslahatlashishni unutmang. Agar shifokor gormonal davo choralarini buyurgan boʻlsa, buyurilgan dori-darmonlarni tavsiyalar va koʻrsatmalarga muvofiq qat’iy rejimda (kunning ma’lum bir vaqtida, qoldirishlarsiz) qabul qiling.