Insulin pompasi nima?

Qandli diabetda, qondagi qand miqdorini nazorat ostida ushlab turish uchun muntazam ravishda qon tahlillari topshirish va shifokorning qat’iy nazorati ostida insulin inyeksiyalarini yuborish kerak boʻladi. Afsuski, inyeksiyadan qoʻrqadigan koʻp odamlar uchun bu muammo tugʻdirishi mumkin.

Qandli diabet bilan ogʻrigan ba’zi odamlar, ayniqsa bolalar uchun har kuni inyeksiya qilish qanchalik dahshatli tuyulishi mumkinligini tushunamiz. Shuning uchun ham insulin nasosidan (pompasi) foydalanish afzal muqobil yechim boʻlishi mumkin.

Insulin pompasi — insulin yetkazib beradigan kichik elektron qurilma boʻlib, u bemorning individual ehtiyojlariga muvofiq oldindan dasturlashtirilgan vaqtda bemorga insulin yetkazib beradi.

Insulin pompasi 1chi va 2-toifadagi diabet kasalligiga chalingan insulin terapiyasidagi bemorlarga tavsiya etiladi.

Doimiy ravishda teri ostiga insulin joʻnatib turilishi tez-tez inyeksiya qilish zaruratini bartaraf etadi. Tez ta’sir qiluvchi insulin sutka davomida aniq dozalarda yuboriladi. Bu tananing insulinga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq qondirib turadi.

Insulin pompasi terapiyasi diabetning qisqa va uzoq muddatli asoratlaridan saqlanishga yordam beradi, chunki u qonning qand miqdorini maqsadli diapazonda ushlab turadi.

Suv muolajalari yoki faol sport paytida insulin pompasini yechib tursa boʻladi. Qolgan vaqtda esa nasosni shimning kamarida, choʻntakda, maxsus sumkada yoki belbogʻda taqib yurish mumkin.

Insulin pompasi yordamida bolaga boshqalarning koʻz oldida inyeksiya qilish kerak boʻlmaydi, ortiqcha e’tiborni tortmay, shunchaki qurilmadagi bir nechta tugmachalarni bosish kifoya.

Insulin nasoslarining kamchiliklari shundaki, rezervuarlar va infuzion toʻplamlari insulin shpritslariga qaraganda ancha qimmat.

Insulin pompasini oʻrnatish uchun siz oʻz davolovchi endokrinolog shifokoringizga murojaat qilishingiz kerak. U sizga nasosni oʻrnatib, individual oʻlchovlarga koʻra sozlab beradi va insulin pompasidan qanday foydalanish kerakligini tushuntirib beradi.

Oldingi Keyingi