Leyshmaniozni (pashshaxoʻrda) aniqlash va undan qanday himoyalanish mumkin?
Leyshmanioz yoki pashshaxoʻrda – hasharotlar orqali, xususan, ma’lum bir chivinlarning chaqishi natijasida yuqadigan kasallik. Infeksiya manbai va tashuvchisi kasallangan odam, ba’zi hayvonlar, kemiruvchilar, itlar va boshqalar boʻlishi mumkin.
Bizning mamlakatimizda leyshmaniozning teri shakli keng tarqalgan. Shahar leyshmaniozi chivinlar koʻp boʻlgan shahar va qishloqlarda uchraydi, qishloq leyshmaniozi esa respublikamizning dasht zonalarida uchraydi. Kasallik Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Samarqand kabi viloyatlarda eng koʻp uchraydi.
Pashshaxoʻrdani qanday aniqlash mumkin?
Chivin chaqqanidan bir necha hafta yoki oylar oʻtgach, chaqqan joyda qattiqlashish paydo boʻladi (teri ustidan koʻtarilib turadigan toshma), soʻng asta-sekin kattalashadi va markazida yara hosil boʻladi. Yaralar koʻpincha ogʻriqsiz boʻladi, ammo ikkilamchi bakterial infeksiya kasallikning rivojlanishiga va yiringlashiga olib kelishi mumkin. Yaralar odatda bir necha oydan keyin oʻz-oʻzidan bitib ketadi, lekin koʻp yillar davomida saqlanib qolib oʻzidan keyin chandiq qoldirishi ham mumkin. Takroriy chaqishlar tufayli toshmalar koʻp boʻlishi mumkin. Toshma odatda tananing ochiq joylarida, jumladan, yuz, qoʻl yoki oyoqlarda kuzatiladi.
Leyshmaniozdan shubhalansangiz, kimga murojaat qilishingiz kerak?
Agar oʻzingizda yoki farzandingizda ushbu kasallik bor deb shubhalansangiz, infeksionist yoki dermatologga murojaat qilishingiz kerak.
Chivinlardan qanday himoyalanish mumkin?
- Turli xil hasharotlarga qarshi vositalar – repellentlardan foydalaning;
- Deraza va eshiklarga chivinga qarshi toʻrni oʻrnating;
- Uxlaganda pashshaxonadan foydalaning;
- Iloji boricha terida kamroq ochiq joy qoldirishga harakat qiling;
- Yashash joylarini hasharotga qarshi vositalar bilan tozalang (koʻrsatmalarga rioya qilgan holda) yoki mutaxassislarni chaqiring.
- Gul idishlari, tagliklari, bochkalar, chelaklar, uy hayvonlari ichadigan idishlar va boshqa suyuqlik idishlaridagi suvni kamida haftasiga bir marta almashtiring yoki toʻkib tashlang.