Miya chayqalishi: bolaga qanday yordam berishim mumkin?
Miya chayqalishi nima?
Miya chayqalishi — yengil travmatik miya shikastlanishining bir turi. Boshga kelgan zarba yoki shikastlanish boshning katta kuch bilan oldinga va orqaga harakatlanishiga olib kelganda paydo boʻladi. Bu miyada kimyoviy oʻzgarishlar sodir boʻlishiga ga olib keladi.
Miya chayqalgan odamda quyidagi alomatlar kuzatilishi mumkin:
- bosh ogʻrigʻi;
- xira yoki jismlarni ikkita koʻrish;
- bosh aylanishi, muvozanat muammolari yoki yurish qiyinligi;
- chalkashlik va mantiqiy boʻlmagan narsalarni aytish;
- betartib nutq;
- koʻngil aynishi yoki qayt qilish;
- sodir boʻlgan vaziyatni eslolmaslik;
- oʻzini yomon his qilish.
Asoratlar odatda darhol paydo boʻladi, ammo ba’zi hollarda jarohatlardan bir necha soat yoki kun oʻtgach paydo boʻlishi ham mumkin.
Bolalar va oʻsmirlarda miya chayqalishiga nimalar sabab boʻlishi mumkin?
Bolalar va oʻsmirlardagi miya chayqalishining aksariyati sport paytida sodir boʻlishi mumkin . Qolaversa:
- avtomobil yoki velosiped halokati;
- janjal;
- qulash
hollari ham miya chayqalishiga sabab boʻlishi kuzatiladi.
Yengil miya chayqalishi qanday davolanadi?
Odatda shifokor bolani tekshiradi va miya chayqalish darajasiga qarab, dori-darmonlarni va bola uchun rejimni belgilaydi.
Shuningdek, farzandingizga uning ahvolini yomonlashtirmagan holda oʻziga kelishiga yordam berishingiz mumkin:
Miya chayqalishidan 1-2 kun oʻtgach:
- Farzandingizga uyda dam olishiga ruxsat bering. Oila va doʻstlar bilan suhbatlashish, oʻqish, chizish, boʻyash yoki sokin oʻyinlarni oʻynash maqbuldir.
- Farzandingiz vaqtincha video oʻyin oʻynashni, SMS yozishni, televizor koʻrishni toʻxtatishi kerak, chunki bu uning ahvolini yomonlashtirishi mumkin.
- Farzandingiz vaqtincha sport bilan shugʻullanmasligiga ishonch hosil qiling.
- Uning uyqusi yaxshi ekaniga amin boʻling.
Miya chayqalishidan bir necha kun oʻtgach:
- Farzandingiz asta-sekin sayr qilishni yoki televizor koʻrishni boshlashi mumkin.
- U maktabga qaytishi ham mumkin.
- Ammo hali ham sport bilan shugʻullana olmaydi.
- Farzandingiz har kecha yetarlicha uxlashda davom etayotganiga ishonch hosil qiling.
Miya chayqalishidan bir hafta oʻtgach:
Farzandingiz sportdan va yangi bosh jarohatiga olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday faoliyatdan qochishda davom etayotganiga ishonch hosil qiling.
Miya chayqalishidan bir oy yoki undan koʻproq vaqt oʻtgach:
- Agar miya chayqalishining barcha belgilari yoʻqolsa, bolangiz sportdan tashqari odatdagi mashgʻulotlarga qaytishi mumkin.
- Sportga kelsak, bunda davolovchi shifokorning ruxsati talab qilinadi.