Nam yoʻtal paydo boʻlishi va uni oldini olish

Yoʻtal – tananing himoya reaksiyasi va nafas olish tiziminining tozalash mexanizmidir.

Nam yoʻtal odatda quruq yoʻtaldan keyin paydo boʻladi va tuzalish jarayoni boshlangani haqida ma’lumot beradi. Ammo ba’zida nam yoʻtal surunkali kasalliklarning belgisi boʻlishi mumkin: masalan, bronxit yoki bronxial astma.

Organizmda yalligʻlanish yoki infeksiya jarayoni kechayotganda, oʻpka va bronxlar koʻproq balgʻam ishlab chiqara boshlaydi. Yoʻtal esa, oʻz navbatida, asoratlar bilan kurashishga, yani balgʻam toʻplanib qolmasligiga yordam beradi.

Koʻpincha nam yoʻtal quyidagi kasalliklarda yuzaga keladi:

  • bronxit,
  • oʻtkir respirator infeksiyalar,
  • pnevmoniya(zotiljam),
  • bronxial astma,
  • oʻpka, traxeya, bronxlar saratoni,
  • uzoq vaqt davomida chekadiganlarda;
  • qon oʻpkada yigʻilishni boshlagan yurak yetishmovchiligiga ega boʻlgan shaxslarda.

Yoʻtalni davolash uchun shifokor-terapevt, pediatr yoki pulmonologga murojaat qilishingiz kerak. Ayniqsa, bolalar albatta pediatrga uchrashishi lozim, chunki ularda yalligʻlanish jarayoni tezda pastki nafas yoʻllariga oʻtib ketishi va asoratlarga olib kelishi mumkin.

Nam yoʻtalda yoʻtalga qarshi preparatlarni qoʻllash mumkin emas, aks holda balgʻam oʻpkada toʻplanib qoladi. Shifokorning koʻrsatmasi boʻyicha, nam yoʻtalda balgʻam koʻchiradigan va balgʻam suyultiradigan (mukolitik) preparatlarni qoʻllash mumkin. Yoʻtalning sababini bartaraf etish uchun shifokor kerakli muolajalarni oʻtkazadi va yoʻtalni davolashning toʻgʻri sxemasini tanlaydi.

Yoʻtal va nafas olish organlari kasalliklarini oldini olish uchun quyidagilarga rioya qilish zarur:

  • immunitetni mustahkamlash;
  • toza havoda sayr qilish;
  • faol hayot tarzi olib borish;
  • sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish;
  • yomon odatlardan voz kechish;
  • kun tartibiga rioya qilish;
  • barqaror emotsional holatni saqlash.
Oldingi Keyingi