Siz qaysi shifokor nimani davolashini bilasizmi?
Umid qilamizki, siz oʻzingizni yaxshi his qilyapsiz va kelajakda ham xuddi shunday boʻlib qoladi. Ammo, sogʻligʻingiz bilan bogʻliq muammoga duch kelsangiz, qaysi shifokorga murojaat qilish kerakligini bilasizmi?
Bu borada sizga yordam berishga harakat qilamiz.
Terapevt (yoki umumiy amaliyot shifokori) – kattalar sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelganda, birinchi boʻlib murojaat qilinishi kerak boʻlgan shifokor. Bemorni shikoyatlarini tinglab va batafsil tekshirgandan soʻng, shifokor qaysi qoʻshimcha tekshiruv va tahlillar kerakligi hamda qaysi maxsus mutaxassisga uchrashish kerakligini aniqlaydi.
Pediatr – xuddi terapevtga oʻhshash, faqat farqi: bolalarni davolaydi. Agar farzandingizning harorati koʻtarilsa, yoʻtalsa, burni oqsa, oshqozoni ogʻrisa yoki ich qotishi bezovta qilsa, umuman olganda bolalar bilan bogʻliq har qanday shikoyatlar bilan pediatrga uchrashish kerak.
Oftalmolog yoki okulist – koʻz kasalliklarini davolash bilan shugʻullanadi.
Otorinolaringolog (LOR) – quloq, tomoq va burun kasalliklarini oldini olish va davolash bilan shugʻullanadigan shifokor.
Kardiolog – bu shifokorga yurak xastaligi, yurak urish tezligining oshishi yoki kamayishi, nafas qisishi, hushdan ketish yoki bosh aylanishi, arterial bosimning oshishi yoki kamayishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilinadi.
Gastroenterolog – ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarini tashxislaydi va davolaydi.
Ginekolog – ayollarning reproduktiv tizimi kasalliklarini tashxislash va davolash bilan shugʻullanadi.
Dermatolog yoki dermatovenerolog – teri kasalliklari, soch, tirnoq va shilliq pardalar kasalliklarini, shuningdek, jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklarni davolaydi.
Nevrolog (nevropatolog) – asab tizimining nosoz ishlashi (bosh, boʻyin, koʻkrak qafasi va bel ogʻriqlari, uyqusizlik, hushidan ketish, bosh aylanishi, talvasa, xotira buzilishi, sezgirlikning buzilishi, titroq, nutq muammolari) natijasida kelib chiqqan kasalliklarni davolash bilan shugʻullanadi.
Urolog – bu shifokorga siydik pufagi, siydik yoʻllari, buyraklar va prostata bezi kasalliklari bilan boriladi.
Nefrolog – buyraklar bilan ishlaydi.
Infeksionist – uzoq muddatli isitma, terining sargʻayishi, teri toshmasi, kalning (diareya, ich qotishi yoki uning rangining oʻzgarishi) yoki siydik rangining oʻzgarishi, qusish, shishish kabi alomatlar bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Onkolog – organizmdagi oʻsmalarni tashxislash va davolash bilan shugʻullanadigan shifokor.
Psixiatr – ruhiy kasalliklarni davolash boʻyicha mutaxassis.
Pulmonolog – oʻpka, bronxlar, traxeya, plevra, halqumni davolaydi.
Umumiy stomatolog – tishlar va jagʻlardagi muammolar bilan shugʻullanadi.
Travmatolog (ortoped-travmatolog) – mexanik shikastlanishlar, jarohatlar, artrit, artroz, tayanch-harakat tizimining (suyak, boʻgʻin, mushak, pay) buzilishi va boshqa kasalliklarini davolovchi mutaxassis.
Jarroh – operatsiyani talab qiladigan kasalliklar bilan shugʻullanadigan mutaxassis. Ular organlarga qarab turli xil mutaxassislarga boʻlinadi – kardiojarroh, neyrojarroh, onkolog jarroh, jagʻ-yuz jarrohi va boshqalar.
Endokrinolog – qandli diabet, qalqonsimon bez patologiyasi, oʻsishning buzilishi, semizlik, bepushtlik, jinsiy disfunktsiyalar, ortiqcha soch oʻsishi va boshqa shu kabi muammolar bilan shugʻullanadi.
Bu tibbiy mutaxassisliklarning qisman roʻyxati. Siz umumiy amaliyot shifokori, pediatr va ba’zi maxsus mutaxassislariga oilaviy poliklinikalarda murojaat qilishingiz mumkin. Qolgan mutaxassislarni markaziy poliklinikalarda yoki ixtisoslashtirilgan markazlardan topishingiz mumkin.