Bolaning ishtahasini qanday yaxshilash mumkin?

  • Agar bola ovqat yeyishni istamasa, uni hech qachon majburlamang. Ovqatlanish bolaning ongida salbiy his-tuygʻular, ayniqsa, jazo va tahdidlar bilan bogʻliq boʻlmasligi kerak.
  • Kun tartibini kiriting. Ovqatlanish jarayoni doimo bir xil vaqt atrofida berilishi kerak, natijada ochlik hissi avtomatik ravishda doim bir xil paytda paydo boʻladi.
  • Tamaddilarni cheklang. Kuniga 2 ta yengil tamaddi qilish mumkin – ikkinchi nonushta va tushdan keyingi choy. Farzandingizni tez-tez tamaddi qilishiga yoʻl qoʻymang, chunki bu odat ishtahani buzadi. Zararli shirinliklarni meva va sabzavotlar bilan almashtiring.
  • Turli xildagi ovqatlar bering. Bu uning ovqatlar ichida yoqtirganlarini saralashiga yordam beradi.
  • Sut va shirin ichimliklarni koʻp bermang. Farzandingizga kuniga 2 stakandan koʻp boʻlmagan sut (kefir, yogurt) bering. Sut mahsulotlarida kaloriya yuqori boʻlib, ularni ortiqcha iste’mol qilish yosh bolalarda toʻqlik hissini paydo boʻlishi va ishtahani yoʻqolishiga olib keladi. Xuddi shu narsa sharbatlar, gazlangan ichimliklar, kakao, issiq shokolad va boshqalarga ham tegishli. Oʻrniga suv yoki shirin boʻlmagan kompot berish afzalroq.
  • Farzandingizga mos keladigan toʻgʻri ovqat hajmini aniqlang. Farzandingiz idishiga ovqatni toʻldirib solib bering va yeya olganicha yeyishiga qoʻyib bering. Qolgan ovqatni majburlab yedirmang. Hafta davomida bola oʻrtacha qancha ovqat iste’mol qilayotganini bilib olasiz – bu uning porsiyasidir (bir oʻtirishda yeyiladigan ovqat midqdori). Keyinchalik, unga shu miqdorda ovqat solib bering, agar koʻproq yeyishni istasa, sizdan bemalol soʻray olishini eslating.
  • Toza havoda tez-tez aylantiring. Bola qanchalik koʻp energiya sarflasa, shuncha koʻproq ovqat iste’mol qiladi, ya’ni ishtaha yaxshilanadi.

Quyidagi holatlarda pediatrga uchrashish muhimdir:

  • Farzandingiz hech qanday sababsiz ozib ketayotganini sezsangiz;
  • Farzandingiz soʻnggi 6 oy ichida vazn yigʻmagan boʻlsa;
  • Farzandingiz diareya (ich ketishi) yoki isitmadan aziyat chekayotgan boʻlsa;
  • Farzandingiz har ovqatdan keyin qayt qilsa.
Keyingi