Bolalarni ilm-fanga muhabbatini qanday oshirish mumkin?
Samimiy, o‘jar, aqliyu ongi tiniq va jasoratga to‘la bo‘lgan bolalar kutilmaganda innovatsion kashfiyotlar qilish va o‘zlari anglamay, dunyoni yanada yaxshilashga qodirlar.
Bolalar – ilm-fan va bilimlar asosida qurilgan yorqin va yangi kelajakka kalitdirlar.
Ilm-fan sababli biz hozirda elektr energiyasidan, issiq suvdan foydalanyapmiz, avtomobilda, samolyotlarda, kemalarda va hatto, raketalarda ucha olyapmiz. Agar XXI asrda ilm-fanda barcha kashfiyotlar qilib bo‘lingan deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Ko‘pgina olimlar shunday hisoblashgan va ular kashf qilishdan to‘xtamay, doim o‘z imkoniyatlari chegarasidan tashqariga qadam qo‘yganlar. Nega endi biz ham bugun shunday qila olmaymiz? Har bir inson noyob tafakkurga ega, biz ham yangi, g‘ayrioddiy, odat tusiga kirmagan, insoniyat uchun mutlaqo notanish bo‘lgan narsalarni ixtiro qilishimiz mumkin va ishlarimiz dunyoni butkul o‘zgartiradi, shunda nomimiz asrlar davomida tilga olinadi.
Bolalarni ilm-fanga qiziqtirish uchun ota-onalarga quyidagi tavsiyalar beriladi:
Birinchidan, farzandingizning qiziqishini hech qachon so‘ndirmang, ba’zan biz kattalar bolalarimizning xatti-harakatlarini cheklab qo‘yamiz, “uni qilma, bu mumkin emas, buni qilsang yomon bo‘ladi” kabi gaplarni aytib, tanbeh beramiz, bora-bora bu holat ularda o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishga sabab bo‘ladi.
Ikkinchidan, farzandingizga ko‘p kitob olib bering, ayniqsa ensiklopedik, ixtirochilik va kashfiyotlar bilan bog‘liq kitoblarni ko‘proq sovg‘a qiling. Bola qancha ko‘p ilm-fanga oid asarlarni o‘qisa, uning ilm-fanga qiziqishi shuncha ortadi.
Uchinchidan, bolangizni mantiqiy firklashga o‘rgatish uchun u bilan doim savol-javoblar orqali muloqotda bo‘ling, ayniqsa biron-bir buyumlarni qanday yasalganligini tushuntirishga harakat qiling.
To‘rtinchidan, bolangizga o‘yinchoq sovg‘a qiling, ayniqsa, konstruksiyadan iborat o‘yinchoqlar (lego) olib bering.
Beshinchidan, farzandingizni maktabdan tashqari to‘garaklarga bering, masalan, “Barkamol avlod” bolalar markazida faoliyat yuritayotgan tabiiy fanlar bilan bog‘liq to‘garaklarga a’zolikka yozdiring.