Bolani kitobga qanday qiziqtirish mumkin?
Farzand tarbiyasi eng mas’uliyatli amallardan boʻlib insondan sabr-toqat, ulkan mehr-muhabbat talab qiladi. Har bir ota-ona farzandini oʻqimishli, bilimdon boʻlishini istaydi, ammo barcha bolalar ham kitob oʻqishni yoqtirmaydilar. Shunga qaramay, har qanday bolani kitob mutolaasiga qiziqtirish mumkin.
Bunga qanday erishish mumkin?
Farzandlaringizga kichikligidan kitobni tanitishingiz zarur. Ota-ona farzandiga yosh bolalik davridan boshlab, bolalar kitobchalarini oʻqib berishi, keyinchalik yoshiga mos boʻlgan adabiyotlarga oʻtishi kerak boʻladi. Uyqudan oldin kitob oʻqib berayotgan ota-onasining ovozini eshitish bolaga rohat bagʻishlaydi va shu bilan bir qatorda bolada kitobga boʻlgan muhabbat shakllanib boradi.
Oʻzingiz oʻrnak boʻling! Bolalar ota-onadan namuna oladilar. Agar siz muntazam kitob mutolaa qilsangiz, boshqa oila a’zolaringiz bilan turli kitoblar toʻgʻrisida tez-tez suhbatlashsangiz, kitobdan zavq olganingizni koʻrsatsangiz, farzandingizga oʻrnak boʻlasiz. Kitob oʻqish asta-sekin farzandingizning ham sevimli mashgʻulotiga aylanib boradi.
Bolalarni kitobga qiziqtirish uchun ularning yoshiga mos narsani taklif qiling. Agar farzandingiz biror multfilmni yaxshi koʻrsa, oʻsha film uchun asos boʻlgan kitobni oʻqishni tavsiya qiling. Oʻqish davomida film bilan kitob oʻrtasidagi farqlarga e’tibor qilishini ham eslatib qoʻying.
Ba’zi bolalar badiiy adabiyotlarni yoqtirishmaydi. Ularga turli xil ensiklopediyalar qiziqroq. Bola nimani xohlasa, oʻshani oʻqishiga qoʻyib bering.
Shuningdek, farzandingiz bilan kitob doʻkoniga birga kiring. Farzandingiz oʻzi uchun kitobni oʻzi tanlasin. Bu unda mustaqil fikrlashni shakllantirishga yordam beradi.
Agar farzandingizda doimiy ravishda kitob oʻqish koʻnikmasini shakllantirishni istasangiz, haftasiga kamida bir marta kutubxonaga olib boring. Shoshmasdan kitoblarni birgalikda koʻrib chiqing, birgalikda tanlang, birgalikda oʻqing. Uyda oʻqish uchun ham kitoblar oling. Bundan tashqari, kitoblarni solish uchun “kitoblar sumkasi”ni ham olib bering.
Vaqtingizni ayamasdan, farzandingizga har kuni kitob oʻqib bersangiz, farzandingiz ham asta-sekin muntazam va mustaqil tarzda kitob mutolaa qiladigan boʻladi. Kitobxonlik uning hayotida an’anaga aylanadi.