Inklyuziv ta’limda ota-onaning oʻrni

Imkoniyati cheklangan bolada oʻziga boʻlgan ishonchni oshirish, uning koʻnikma va qobiliyatlarini rivojlantirish, yoshligidan ilm olishga ragʻbatlantirishda oila ishtiroki muhim. Shu sababli inklyuziv ta’lim jarayonida ota-onalarning ahamiyati katta. Alohida ehtiyojlari mavjud bolalarning ota-onalari farzandlari jamiyatning bir boʻlagi boʻlish huquqiga ega ekanini tushunishlari kerak.

Ota-onalar oilada sogʻlom muhitni va farzandlari orasida tenglik muhitini yaratib berishlari, imkoniyati chegaralangan farzandlariga ta’lim olish jarayonida koʻmaklashishlari juda muhim. Buning uchun, doimiy ravishda maktab jamoasi bilan aloqada boʻlish, bolaning tengdoshlari orasida moslashib ketishi va oʻzlashtirish darajasini kuzatib borish zarur.

Ota-onalarga imkoniyati cheklangan bolalarni ertangi kunga umidi, oʻziga ishonchini oshirishi, muntazam motivatsiya berib borishlari tavsiya etiladi.

Ba’zan imkoniyati cheklangan bolalar maktabda va tengdoshlari orasida yakkalanish, kamsitilish holatlariga uchraganda, ota-onalarning oʻzi ruhan tushkunlikka tushib qoladilar. Ammo bunday vaziyatda oʻzlarini tutib olishlari va farzandlarini qoʻllab-quvvatlashga, ruhlantirishga harakat qilishlari kerak.

Mahhur hikoyada aytilganidek, Tomas Edisonning oʻqituvchisi uning onasiga farzandining maktabda ta’lim ololmasligi, u ruhan sogʻlom emasligi haqida maktub yozadi. Bu maktubni onasi Edisonga “Sizning oʻgʻlingiz daho. Bu maktab juda kichik, kerakli bilimni beruvchi oʻqituvchilar bu yerda yoʻq.” deb oʻqib beradi. Keyinchalik nima boʻlgani esa hammamizga ma’lum — Tomas Edison oʻz zamonasining eng buyuk ixtirochilaridan biri boʻlib yetishadi!

Farzandlar oilada, maktabda va jamiyatda oʻz oʻrnini topishi juda koʻp jihatdan ota-onaning munosabatiga, uni ruhan qoʻllab-quvvatlashlariga bogʻliq boʻladi.

Oldingi Keyingi