Maktab baholari nima uchun kerak?

Bolaning kelajakda qanday inson bo‘lishi, shaxs sifatida kamol topishida tanlagan yo‘li, kasb tanlashi, orzu-havaslarini qanday ro‘yobga chiqarishi birinchi navbatda, uning yoshlikda olgan ta’lim va tarbiyasiga bog‘liqdir.

Baho o‘zi nima?

Baho bu — o‘quvchining muayyan standartlarga asoslangan fanlarni bilish darajasi, qolaversa, o‘zining bilim va ko‘nikmalariga asoslanib, ma’lum bir mavzuni o‘zlashtirish darajasini ko‘rsatib beruvchi jarayondir.

Baho haqiqatdan ham o‘quvchini rag‘batlantiradi. Chunki, baholash nafaqat o‘zlashtirilganlik saviyasini, balki o‘quvchilar ichida iqtidor va qobiliyatga ega bolalarni ham aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa, o‘quvchilarni muntazam ravishda turli olimpiada va xalqaro tanlovlarda qatnashib, ko‘pgina yutuqlarga erishishlari uchun zamin yaratibgina qolmay, kelajakda o‘z kasbining yetuk bilimdoni, har sohada kerakli kadrlar bo‘lishlari uchun poydevor yaratadi.

Maktablarda o‘quvchilar bilimi qanday baholanadi?

Bugun maktab ta’limida o‘quvchilar bilimini reyting tizimi asosida baholash tartibi joriy etilgan. Unga ko‘ra, o‘quvchilar bilimi quyidagi nazorat turlari orqali baholanadi:

  • joriy nazorat — so‘rovlar, nazorat ishlari yoki testlar tarzida o‘quvchilarning bilimlari, ko‘nikma va malakalari muntazam nazorat qilinadi;
  • oraliq nazorat — chorak yakunlangach va o‘quv dasturining tegishli bo‘limi tugallangandan keyin o‘quvchilarning bilimlari, ko‘nikma va malakalarini baholash uchun amalga oshiriladi. U yozma nazorat ishi yoki testlar shaklida o‘tkaziladi.
  • bosqichli nazorat — o‘quv yili tugallangach og‘zaki, yozma imtihon hamda test sinovlari shaklida amalga oshiriladi. Uning asosida reyting aniqlanadi va o‘quvchini navbatdagi sinfga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
  • yakuniy nazorat — o‘qish tugallangandan keyin davlat attestatsiyasi shaklida o‘tkaziladi.

Har bir nazorat turi qanday shaklda o‘tkazilishidan qat’i nazar, besh (5) ballik ( “5”, “4”, “3”, “2”, “1”) usulda butun sonlar yordamida baholanadi.

Oldingi Keyingi