O‘qishni istamagan bolaga qanday yordam berish mumkin?
Har bir ota-ona o‘z farzandining kelajagini, kamolini ko‘rishni istaydi. Shu bois ota-onalar farzandlarini ta’lim-tarbiya olishlarini ta’minlash va ularga munosib sharoit yaratishlari zarur.
Aytaylik, farzandingiz maktabda o‘qishni va darslarini qilishni istamayapti. Natijada uning baholari va xulq-atvori yomonlashib boradi.
Bu vaziyat ota-ona tomondan bosim bolaga ot‘kazilganda yana-da yomonlashadi. Bolangizga bosim o‘tkazsangiz, u nafaqat maktabda, balki uyda ham o‘zini yomon his qila boshlaydi. Oqibatda darslardan qochish uchun yolg‘on gapirishni boshlashi hech gap emas. Natijada o‘qishga bo‘lgan xohish borgan sari kamayib boradi.
Ustozlarni ayblashning hech qanday foydasi yo‘q. Farzandingiz o‘z xatolari uchun boshqalarni ayblab, muammolarini o‘zgalar hal qilib berishini kutadi. Oqibatda u o‘z harakatlari uchun javobgarlikni bo‘yniga ololmaydi.
O‘z his-tuyg‘ularingizni to‘g‘ri boshqarishga harakat qiling. Jahlingiz chiqib turganda, farzandingiz bilan o’qishni muhokama qilmagan ma’qul.
Quyida farzandingizga yordam bera olishingiz mumkin bo‘lgan bir qancha maslahatlar bilan tanishishingiz mumkin:
- Asl muammoni aniqlang. Bolaning maktabda yomon o‘qishi tengdoshlarining masxaralashi, boshqa maktabga o‘tish, imtihonlardan qo‘rqish, oilaviy muammolar, uyqu yetishmasligi, parishonxotirlik yoki hayolini bir joyga jamlay olmasligi kabi sabablar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Barcha narsani dangasalikka yo‘ymang.
- O‘qish uchun muhit yaratib bering. Bolangiz uy ishlarini va darslarini qila olishi uchun jadval tuzib bering. Uning e’tiborini turli xil chalg‘ituvchi omillardan (televizor va mobil telefoni ham) uzoqlatadigan va darslarini qila olishi uchun qulay bo‘lgan sharoit yaratib bering. Bola darslarini bo‘lib-bo‘lib bajarsa, diqqatini jamlashi osonroq bo‘ladi.
- O‘qishga rag‘batlantiring. Farzandingiz maktabdagi o‘qishi hozirning o‘zida unga foyda keltirayotganini anglab yetsa, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi yanada ortadi. Misol uchun, matematikani yaxshi bilsa, unga berilayotgan pulni to‘g‘ri pul sarflashni va o‘zi istagan narsaga yig‘ishni o‘rganadi.
- Farzandingizga darslarini bajarishida yordam bering, ammo darsini uning o‘rniga bajarib bermang.