Qanday qilib bolaning prokrastinatsiya (ishni ortga surish) holati bilan kurashish va ish samaradorligini oshirish mumkin?
Biz koʻpincha muhim narsalarni keyinga qoldirib, nisbatan oddiy vazifalar yoki oʻyin-kulgiga chalgʻib ketamiz. Psixologlar bu holatni prokrastinatsiya (ishni ortga surish) deb atashadi va uning kelib chiqish sabablarini hali toʻliq tushunib yetmaganlarini tan olishadi. Bu muammoni yengish mas’uliyat hissi yaxshi rivojlangan kattalarda osonroq kechsa, maktab oʻquvchilari va talabalar uchun boshi berk koʻchaga kirib qolish degani.
Bolalar oʻzlari uchun hozirgi paytda muhim ahamiyatga ega boʻlmagan va quvonch keltirmaydigan ishlarni ortga suradila va bu muammoni hal qilishda ularga koʻpincha kattalarning yordami kerak boʻladi. Oʻqituvchilar oʻquvchilarga ularning oʻzi ham yaxshi tushunmaydigan holatlari bilan kurashish tamoyillarini tuushuntirib berishlari juda ham muhim. Kelajakda bu ularga nafaqat oʻz vazifalarini vaqtida bajarishlarida yordam beradi, balki hayotlarida surunkali prokratinatsiya ehtimolini kamaytiradi.
Ota-onalar oʻz navbatida quyidagi maslahatlarni berishlari mumkin:
- Vazifani aniqlab oling. Koʻpincha oʻquvchilar vazifani juda murakkab yoki tushunarsiz deb hisoblaganlari uchun uni bajarishni ortga suradilar. Ishning mohiyati va hajmini tushunish uchun hech boʻlmaganda bir necha daqiqa vaqt sarflashni odat qilib olish kerak. Qolaversa, bu odat ish jarayoniga asta kirishib ketishingizda koʻmakchi boʻlishi mumkin.
- Reja tuzing. Oʻz harakatlarini diqqat bilan rejalashtirish, ish rivojini doimiy ravishda kuzatib borish va katta vazifalarni bir nechta kichik vazifalarga boʻlishni oʻrgatish muhim. Inson kichik ishlarni bajarar ekan, oʻz harakatlarining ijobiy natijasini muntazam ravishda koʻrib boradi. Natijada miyada dofamin gormoni ajratilishi natijasida qoniqish tuygʻusi kelib chiqadi, bu esa xotirani va diqqatni yaxshilaydi, motivatsiyani oshiradi. Doimiy mukofotni qoʻlga kiritgandan soʻng, miya katta vazifalarni murakkab yoki zerikarli deb hisoblamaydi va ularni kechiktirish uchun paydo boʻlgan instinktiv istakni bostiradi.
- Oʻzingizni qiziqtiring. Amalga oshirilgan ishlarni befoyda deb hisoblash ham prokrastinatsiyaga olib kelishi mumkin. Inson koʻpincha oʻzining sevimli mashgʻulotlariga oid qoʻshimcha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan vazifani bajarishda gʻayratli boʻladi. Shunga koʻra, miyani aldash mumkin — bir necha daqiqa sarflab, bajarilgan vazifa va uni hal qilishda olingan tajriba kelgusida qanchalik foydali boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻring.
- Chalgʻimang. Bu eng oddiy, ammo eng muhim maslahatdir. Har qanday tashqi ta’sirlarda xalos boʻlishga harakat qiling va ish avvalida vazifaga toʻliq e’tiboringizni qarating. Ish boshlagach, albatta, chalgʻib ketishingiz qiyin boʻladi.
- Oʻzingizdan keragidan ortigʻini talab qilmang. Prokrastinatsiyaning sabablaridan biri — hamma narsani mukammal qilish istagi. Ba’zan kishi natija nomukammal boʻlishi mumkinligini bilib, uni oʻz vaqtida bajarish uchun har qanday istagini yoʻqotadi. Bunday vaziyatdan qochish uchun kuchingizni sogʻlom baholashingiz va idealga erishish koʻpincha mumkin emasligini tushunishingiz kerak.