Pedagolarga turli xil yoshdagi bolalar bilan ishlashda maslahatlar
Oʻsmirlik davriga juda koʻp ziddiyatlar va qarama-qarshiliklar xos. Maktab dasturi va boshqa ishlar bilan bogʻliq turli masalalarni yechishda oʻsmirlarning intelektual rivojlanib borishi kattalarni ular bilan birga jiddiy muammolar ustida fikrlashga undaydi. Ammo oʻsmirlar bu masalada mustaqil fikrlashni ma’qul koʻradilar.
Boshqa tomondan esa ular bilan muammolarni muhokama qilganda, ayniqsa, kasb tanlash, xulq-atvor etikasi, oʻz majburiyatlariga mas’ullik kabi masalalarda, infantillikni (yosh bolarlarga xos jismoniy va psixologik holat) kuzatish mumkin.
5-6-sinf oʻquvchilariga sinfdagi oʻzi egallab turgan mavqeyiga katta e’tibor berish xususiyati xos. 6-sinfdan boshlab oʻquvchilar oʻz tashqi koʻrinishlariga, shuningdek, qarama-qarshi jinsdagi bolalar va ular bilan oʻzaro munosabatlariga e’tibor bera boshlaydilar.
7-sinf oʻquvchilarida esa oʻz layoqatlarini rivojlantirishga qiziqish yuzaga keladi.
8-sinf oʻquvchilari mustaqillik, oʻziga xoslik, doʻstlik va oʻrtoqlik bilan bogʻliq boʻladigan shaxsiy hislatlarga alohida e’tibor berishadi.
Ana shu ketma-ket yuzaga keladigan qiziqishlariga suyanib oʻsmirlar oʻzlarida kuchli iroda va shunga oʻxshash boshqa foydali sifatlarni faol rivojlantiradilar. Oʻrta maktabda oʻsmirlarga turli fanlarni boshqa-boshqa oʻqituvchilar oʻqitishadi. Shu paytda oʻsmirlarda kattalar shaxsi va faoliyatini baholashning yangi mezonlari ham shakllana boshlaydi. Oʻsmirlar asosan bilimli, talabchan, haqqoniy, oʻquv materialini qiziqarli va tushunarli yoʻl bilan yetkaza oladigan va oʻquvchilarni ajratmaydigan oʻqituvchilarni koʻproq hurmat qiladilar va yaxshi koʻradilar. Ular oʻzlarining oʻqituvchi bilan oʻzaro munosabatlariga ham katta e’tibor beradilar.
Maktablarda bolalarga nisbatan ba’zan “tarbiyasi qiyin bola” jumlasi ishlatiladi. Tarbiyasi qiyin bolalar deganda koʻp holatlarda voyaga yetmaganlar bilan ishlash kuzatiladi. Kuzatishlardan ma’lum boʻlishicha, tarbiyasi qiyin bolalarda tarbiya jarayonida salbiy oʻzgarishlar yuzaga kelishi oqibatida oʻqishga nisbatan qiziqish pasayib boradi.
Shu bois pedagoglar bu davrda bolalarni ta’lim va tarbiya jarayoniga jalb etishda ularning qiziqishlarini ham inobatga olishlari lozim, dars jarayonlarini samarali va qiziqarli oʻtish orqali “tarbiyasi ogʻir” oʻquvchilarni ta’limga jalb etish zarur. Bu oʻrinda ayniqsa darsdan keyingi boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularni turli toʻgarak yoki sport seksiyalariga jalb etish orqali ham ularda ijobiy oʻzgarishlarni yuzaga keltirish mumkin.