OIV bilan yashovchilarga nisbatan stigmatizatsiyani qanday toʻxtatishimiz mumkin?

Koʻpgina bemorlar OIV bilan kasallanganlaridan uyaladilar. Ular oʻz tashxislari haqida doʻstlari, qoʻshnilari, hatto qarindoshlari ham bilishlarini istamaydilar. Oʻzlarining ogʻriqlari, his-tuygʻulari haqida boʻlishishdan, yordam soʻrashdan qoʻrqadilar, chunki kasallik haqida eshitgach, odamlar oʻzini chetga olib qochishni, qoʻrqishni, ularni ayblashni va qoralashni boshlashi mumkin. Bu stigmatizatsiyaning (notoʻgʻri tushunchalar) natijasidir. Bunday holatlar bemorlarning aynan mehr-muhabbat va daldaga muxtoj boʻlgan paytlarida sodir boʻladi.

Stigmatizatsiya va diskriminatsiya OIVni oldini olishda va bemorlarni davolashda, hamda ularni qoʻllab-quvvatlashda asosiy toʻsqinliklardan biridir.

Stigmatizatsiya va diskriminatsiyaning oldini olish uchun quyidagilar zarur:

  • OIV va boshqa kasalliklar bilan bogʻliq stigmatizatsiya va diskriminatsiya haqida aholi xabardorligini oshirish;
  • Jamiyat vakillarini jalb qilgan holda, stigma va kamsitishlarni kamaytirish haqida seminarlar tashkil etish;
  • Inson huquqlarini himoya qiluvchi qonunlar qabul qilinishiga koʻmaklashish;
  • Manfaatdor shaxslar ma’lumot olishlari va kamsitilish hodisalari haqida xabar berishlari uchun bepul telefon xizmatlarini qoʻllab-quvvatlash. Toshkentda bunday telefon xizmatlari quyidagilar: +998 (71) 276-93-25, +998 (71) 276-23-11 (manzil: Farhod koʻchasi, 12-uy, spid.uz)
  • Bemorlar hayotidan ijobiy hikoyalarini ulashish va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun namunalar keltirish.

Ishda, uyda umuman har yerda stigmatizatsiya va diskriminatsiya holatlarini sezsangiz yoki uchratsangiz unga qoʻl siltab qoʻymang. Muammoni muhokama qiling, stigma va diskriminatsiya qiluvchi iboralarga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini tushuntiring.

Barchamiz oʻzimizni stigmatizatsiyani boshdan kechirayotgan odamning oʻrniga qoʻyib koʻrishimiz kerak, ba’zida bunday odamlar uchun qanchalik qiyinligini tushunishimiz lozim. Balki sizning bu harakatlaringiz odamlarning boshqalarga boʻlgan munosabatini oʻzgartirishida, biz turfa xil odamlar boʻlsak-da lekin bir xil huquq va majburiyatlarga ega ekanligimizni tushunishida va qabul qilishida yordam berishi mumkin. Shuni unutmasligimiz kerakki, har qanday odam OIV, sil yoki boshqa kasalliklar bilan kasallanishi mumkin. Sizning qoʻllab-quvvatlashingiz va tushunishingiz koʻplab hayotlarni saqlab qolishi va hayot sifatini yaxshilashi mumkin.

Keyingi