Attestatsiyadan o‘tmasdan malaka toifasi olish mumkinmi?
Pedagoglar orasida eng ko‘p uchraydigan savollardan biri — attestatsiyadan o‘tmasdan turib, malaka toifasiga ega bo‘lishi mumkinmi? Sababi pedagoglar orasida tajribali, ilmiy darajaga ega bo‘lgan, turli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yoki nufuzli sertifikatlarga ega bo‘lganlari ham bor, "ularning yutuqlari inobatga olinmaydimi?" degan haqli savollar tug‘iladi.
Bu savollar amaldagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda (Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan) mustahkamlab qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, quyidagi pedagog kadrlariga malaka toifasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, attestatsiyadan o‘tkazilmasdan beriladi:
- tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi o‘rin sovrindorlarini tayyorlagan ta’lim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga — ikkinchi malaka toifasi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi o‘rin sovrindorlarini tayyorlagan ta’lim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga — birinchi malaka toifasi;
- xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin sovrindorlarini tayyorlagan ta’lim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga — oliy malaka toifasi;
- xalqaro matematika (IMO), fizika (IPhO), kimyo (IChO), biologiya (IBO) informatika (IOI) olimpiadalarida oltin, kumush yoki bronza medal (birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin) sovrindorlarini tayyorlagan ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlariga — oliy malaka toifasi.
Shuningdek, quyidagi pedagog kadrlarining malaka toifasi bir pog‘onaga oshiriladi:
- O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlangan pedagoglar;
- “Ustoz” milliy mukofoti g‘oliblari;
- Worldskills musobaqalari sovrindorlarini tayyorlagan pedagoglar;
- respublika miqyosidagi fan olimpiadalari va ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagoglar.
- magistr darajasiga ega mutaxassislarga, shuningdek, oliy ma’lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga — ikkinchi malaka toifasi;
- fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — oliy malaka toifasi.