Beshikdan to qabrgacha ilm izla
Kattalar ta’limi xuddi bolalarniki bilan bir qatorda nafaqat yuritimizda balki butun dunyoda ham dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Ta’limga oid xalqaro hujjatllarda va milliy qonunchiligimizda ham kattalar ta’limi uchun huquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, 2020-yil 23-sentabr kuni “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ilk bor ta’lim xizmatlarini sezilarli darajada kengaytirishga asos bo‘ladigan ta’lim olishning turli shakllarining ta’rifi berilgan. Xususan, “oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish”, “inklyuziv ta’lim”, “katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish” kabilar. Oxirgi atama rasmiy, norasmiy va informal ta’limni o‘z ichiga oladi. Natijada katta yoshdagilar butun hayoti davomida bilimlarini kengaytiradi, ko‘nikma va malakalarini boyitadi va talab etiladigan kasbni egallaydi.
1953-yilda Yevropa katta yoshdagilar ta’limi assotsiatsiyasi tashkil etilib, bugungi kunda u 34 mamlakatdagi 100 dan ortiq filiallarni birlashtirgan va butun Yevropa bo‘ylab 50 milliondan ziyod erkak va ayollardan iborat katta yoshdagilar ta’limini qamrab olgan.
Boshqa tomondan qaraganda esa, hukumat universitetlari ko‘plab mamlakatlarda katta yoshdagilarga ta’lim berish tizimining bir qismi hisoblanadi. Buni Germaniyadagi xalq universitetlari misolida ham ko‘rish mumkin. Bu mamlakatdagi 900 dan ortiq shunday muassasalar ma’lum firma va korxonalar uchun xizmat safarlari va sayohatlar ko‘rinishida «buyurtma bo‘yicha ta’lim» shaklida kadrlarni qayta tayyorlash kurslari va seminarlarni taklif etadilar. Ularda har qanday yoshdagi odam tahsil olishi mumkin. Undan tashqari ishlab turgan odamlar, ishsizlar, oila qurgan ayollar va erkaklar, shuningdek, pensionerlarga yo‘naltirilgan alohida kurslar ham mavjud.
Janubiy Koreyada butun hayot davomida uzluksiz ta’lim haqidagi qonunga binoan, ushbu sohadagi milliy siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan maslahat organi faoliyat olib boradi. Hayot davomida uzluksiz ta’lim qo‘mitasi ta’lim vaziri tomonidan boshqariladi. Uning tarkibiga vazir o‘rinbosarlari, Milliy uzluksiz ta’lim instituti prezidenti va qo‘mita raisi tomonidan tayinlanadigan ekspertlar kiradi.