Bilim, ko‘nikma, malaka nima?
Bilim — kishilarning tabiat jamiyat hodisalari haqida hosil qilgan voqelik maʼlumotlarning inson tafakkurida aks etishi. Voqelik haqidagi bilgan maʼlumotlarimiz bilim darajasiga koʻtarilishi uchun quyidagi shartlarni qanoatlantirishi lozim: birinchidan, bu maʼlumotlarning voqelikka mutanosibligi; ikkinchidan, bu maʼlumotlar dalillar bilan asoslangan boʻlishi lozim.
Ko‘nikma — insonning ilgarigi tajribalari asosida muayyan faoliyat yoki harakatni amalga oshirish qobiliyati. Ko‘nikmalar amaliy faoliyatga, bilimlarni amalda qo‘llay bilishga oid faoliyatning tarkibiy qismidir. Ko‘nikma mazmunan amaliy (jismoniy) va aqliy, shaklan oddiy va murakkab turlarga ajratiladi. Amaliy ko‘nikmalar mehnat faoliyatini amalga oshirishga, aqliy ko‘nikmalar bilim olishga, uni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Malaka — muayyan kasb, ishni yaxshi oʻzlashtirish natijasida orttirilgan mahorat. Odatda, biron ish jarayonida harakatlar anglanilgan yoki anglanilmagan tarzda amalga oshiriladi. Harakatni bajarishda ongning borgan sari kamroq ishtirok etishi tufayli ish avtomatik ravishda ijro etila boradi. Buning natijasida topshiriq ravon, ortiqcha kuch sarflamay, tez va sifatli bajarila boradi. Masalan, tajribali kompyuter foydalanuvchisi klavishlarga qaramasdan yozaveradi. Malaka hosil qilish tezligi uning murakkablik darajasi, kishining yoshi, individual xususiyati, bilimi va boshqa omillarga bogʻliq. Kishidagi malaka koʻpincha, boshqa mahoratni hosil boʻlishida yordam beradi. Masalan, avtomobil haydashni yaxshi bilgan kishi boshqa transport vositalarini boshqarishni ham osonlik bilan oʻrganadi.
Ta’lim tizimida, bilim, ko‘nikma va malakalar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-son qarori bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limning davlat ta’lim standartlarida belgilab qo‘yilgan.