Maktab akkreditatsiyasi nima?

Pedagog xodimlaridan tashqari, ta’lim muassasalari ham davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Maktabni akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi "Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 470-sonli qarorida belgilangan.

Mazkur qaror bilan "Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ham tasdiqlangan. Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Maktab akkreditatsiyadan o‘tkazilishidan avval attestatsiya jarayonlari tashkil etiladi. Attestatsiya ta’lim tashkilotlarining faoliyatini ichki va tashqi baholashdan iborat ikki bosqichda amalga oshiriladi. Unda ta’lim muassasining faoliyati, o‘quvchilar bilim dariajasi, kadrlar salohiyati, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar baholanadi.

Attestatsiyadan o‘tkazilgan maktablarga davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazilgani haqidagi guvohnoma beriladi hamda maktab bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi hujjatlarni topshirish huquqi beriladi. Guvohnoma muddati 5 yil.

Yangi tashkil etilgan ta’lim tashkilotlari ular tashkil etilgan paytdan boshlab 5 yil muddatga akkreditatsiyadan o‘tgan deb hisoblanadi.

Agar maktab attestatsiyadan o‘ta olmasa ta’lim muassasasi rahbari va rahbari o‘rinbosarlarining malakasi yetarli emas deb topiladi hamda ish beruvchi tomonidan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Ta’lim muassasalari davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi haqida batafsil ma’lumotlarni quyidagi havolaga o‘tish orqali bilib olishingiz mumkin (https://lex.uz/docs/4367782).

Oldingi Keyingi