O‘quvchilarni kitobga qiziqtirishning 7 usuli
O‘qish nima uchun kerak? Kompyuter o‘ynash, yuzlab kanallarni tomosha qilish, ijtimoiy tarmoqlarda suhbat qurish — bularning barchasi juda oson va qiziq, o‘qish esa, aksincha, diqqat e’tiborni talab qiluvchi har kunlik mehnatdir.
Kitob o‘qish jazo emas sevimli mashg‘ulotga aylanishi uchun nima qilish kerak?
Quyida o‘quvchingizni kitob o‘qishga qiziqtiruvchi 7 usulni e’tiboringizga havola etamiz.
1.Zamonaviy texnologiyadan foydalaning.
Kompyuter yoki planshetdan foydalangan holda elektron kitoblarni o‘qishni taklif qiling. Internetda ko‘plab bepul elektron kitoblarni topishingiz mumkin. Ularni onlayn o‘qish yoki yuklab olish ham mumkin. Ba’zi elektron kitoblar qog‘oz nusxasiga nisbatan keng imkoniyatga ega. Masalan, ular audio va video tasvirlar bilan boyitilgan.
2. Mutolaa burchagi tashkil qiling.
Maktab kutubxonasida o‘quvchini chalg‘itmaydigan, tashqi shovqin-surondan holi bo‘lgan muhit yarating. Imkon bo‘lsa “mutolaa hududi”ga yumshoq yostiqchalar (beanbags) qo‘yib, kitob o‘qish uchun qulaylik yarating/
3. O‘quvchilaringiz bilan birga tez-tez kutubxonaga kirib turing.
Haftasiga hech bo‘lmaganda bir marta kutubxonaga olib boring. Shoshmasdan kitoblarni birgalikda ko‘rib chiqing, birgalikda tanlang, birgalikda o‘qing.
4. Kitoblar tez-tez suhbatingiz mavzusiga aylansin.
Agar siz o‘quvchingizni kitob o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirmoqchi bo‘langiz, kitobdan turli syujetlarni aytib bering va ulardagi qahramonlar haqida so‘zlab bering.
5. O‘quvchingiz qiziqqan mavzudagi kitoblarni tanlashda ko‘maklashing.
Ba’zi bolalar hayvonot olamiga qiziqsa, ba’zilari ajdarho, yalmog‘iz kampir, gnom kabi to‘qima qahramonlar haqidagi ertaklarni hush ko‘rishadi. Ba’zi bolalar dinozavrlar haqidagi hikoyalarni yoqtirsa, boshqalari quyosh sistemasi haqidagi faktlarga qiziqadi, koinotdagi boshqa sayyoralar haqida bilgisi keladi. O‘quvchingiz qiziqishiga qarab kitob tanlang.
6. O‘quvchingizga shaxsiy namuna bo‘ling.
O‘quvchilar ustozlaridan namuna oladilar. Agar siz muntazam kitob mutolaa qilsangiz, o‘quvchilaringiz bilan turli kitoblar to‘g‘risida tez-tez suhbatlashsangiz, kitobdan zavq olgangizni ko‘rsatsangiz, ularga o‘rnak ko‘rsatgan bo‘lasiz.
7. Har bir darsingizda kitob uchun vaqt ajrating!
Darsingizni rejalashtirganda, ma’lum muddat kitob o‘qib bersangiz, o‘quvchingiz asta-sekin o‘zi ham muntazam mustaqil tarzda kitob mutolaa qiladigan bo‘ladi. Uning hayotida kitobxonlik an’anaga aylanadi.
Xulosa qilar ekanmiz, motivatsiya berishdagi eng asosiy maqsad — natijaga erishishdir. Bola ishning uddasidan chiqayotganini ko‘rsa va oldiga qo‘ygan maqsadi tomon yaqinlashayotganini bilsa, kitob o‘qish nafaqat uning o‘ziga balki o‘qituvchisi va ota-onasiga ham quvoch olib keladi.