Pedagoglarga malaka toifasi qanday tartibda beriladi?

Ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning kasbiy mahoratiga qarab, u yoki bu toifalar beriladi. Masalan, umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarga mutaxassis, ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifasi beriladi.

Xo‘sh, bu toifalarni qanday tartibda olish mumkin?

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, pedagoglarga malaka toifasini berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” Nizomda belgilab qo‘yilgan.

Hujjat malaka toifasi berish tartibini soddalashtirib, turli rasmiyatchiliklarni bekor qilgan. Malaka toifasi pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Bunda, o‘qituvchilarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi baholanadi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovini (test) topshiradi.

Pedagoglarga qog‘oz shaklidagi attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat berish amaliyoti bekor qilinib, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etilgan.

Pedagoglar har besh yilda bir marta navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi, yangi ishga qabul qilingan yoki oliy ta’limni bitirib ishga kirganlar kasbiy faoliyatiga uch yil to‘lgandan so‘ng navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi. Pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.

Maktab rahbarlari malaka toifasi olish uchun attestatsiyadan o‘tadigan pedagoglarni kamida olti oy oldin yozma ravishda xabardor qilishi lozim. Pedagog kadrlar attestatsiyaga asosiy ish joyidan jalb etiladi.

Pedagoglarning malaka toifalari boshqa ta’lim tashkilotlariga, ta’lim tashkilotlarining bir turidan boshqasiga yoxud nodavlat ta’lim tashkilotidan davlat ta’lim tashkilotiga ishga o‘tganda saqlab qolinadi.

Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqichda pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi ta’lim tashkilotining pedagogik (kuzatuv) kengashlari tomonidan o‘rganiladi.

Ikkinchi bosqichda o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari o‘tkaziladi.

  • oliy malaka toifasini olish uchun 80 ball;
  • birinchi malaka tofasi olish uchun 70-79 ball;
  • ikkinchi malaka toifasi olish uchun 60- 69 ball;
  • mutaxassis nomini olish uchun 55-59 ball;

olish kerak boladi.

55 balldan past natija ko‘rsatganlarga malaka toifasi berilmaydi.

Oldingi Keyingi