Ta’limning qaysi shakli samaraliroq: onlaynmi yoki an’anaviy?

Kimdir an’anaviy ta’lim shaklini ma’qul ko‘rsa, boshqalar onlayn ta’limni afzal deb biladi. Onlayn va an’anaviy mashg‘ulotlarni taqqoslash odat tusiga kirib qolgan, ammo onlayn va oflayn o‘qishni qarama-qarshi qo‘yish noto‘g‘ri. Ikkala format ham o‘z xususiyatlariga ega. Shubhasiz, ikkisining ham afzalliklari bor, ularning har biri alohida holatlar uchun samaralidir. Odatda, natija kontekst, mavzu, o‘quv maqsadlari, o‘quvchining shaxsiy xususiyatlari, ta’lim mahsulotini amalga oshirish sifati va boshqa bir qator omillarga bog‘liq.

Onlayn ta’lim bozori juda xilma-xil. U Coursera, EdX, Udacity, Udemy kabi ochiq onlayn-kurslarini, umumiy ta’lim platformalari, ta’lim uchun mobil ilovalar va kompyuter o‘yinlari, videokonferensiya aloqa vositalari, o‘qituvchilar bilan virtual darslar va boshqalarni o‘z ichiga oladi. “Qay biri samaraliroq?” degan savol ko‘pincha o‘rinli emas. Bunda platformalar imkoniyatlarini tushunish muhimroq. Eng yaxshi natijaga erishish uchun ta’lim shakli va vositalarini to‘g‘ri birlashtirish ko‘nikmalariga ega bo‘lish zarur.

Kelajakda onlayn ta’lim shakli an’anaviy ta’limning o’rnini egallaydimi?

Aytish mumkinki, onlayn ta’lim qariyb uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan an’anaviy ta’lim shaklini yaqin yuz yillikda siqib chiqara olmasa kerak. Onlayn ta’lim an’anaviy ta’limni to‘ldiruvchi, uning samaradorligini yanada oshiruvchi bir vosita bo‘lib qoladi. Hayotimiz davomida biz yangi bilim va ko‘nikmalarni muntazam o‘zlashtirishimiz kerak, ta’lim uchun ajratgan muayyan davrimizda esa bunga erishib bo‘lmaydi, albatta.

Ish va hayotni yengillashtirish uchun masofaviy ta’lim olish juda qulay. Shuning uchun onlayn-ta’lim juda muhim vositaga aylanmoqda. Masofaviy ta’lim yangi dasturlar va raqamli vositalar yordamida malaka oshirish, o‘ziga xos tor yo’nalishdagi ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun juda ham qulay vositadir.

Koronavirus pandemiyasi davrida onlayn-ta’lim vositalari va usullari keng taraqqiylashdi, natijada, ko‘plab insonlar bu turdagi ta’lim shaklida shug‘ullana boshladilar.

Pandemiya sharoitida maktablardagi onlayn ta’lim ham alohida mavzudir. Onlayn ta’limning bu sohada bir qator psixologik muammolari mavjud. Kichik yoshdagi bolalar uchun o‘qituvchi va sinfdoshlari bilan jonli muloqot juda muhim hisoblanadi. Darslarni o‘zlashtirishda, emotsiyalar va jismoniy faollik katta ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, boshlang‘ich maktab o‘quvchilarini “masofaviy ta’lim”ga o‘tkazish eng muammoli masaladir. Endilikda maktablar karantinga ancha tayyor ko‘rinishiga qaramay, onlayn o’qitish boshlang‘ich maktablarda ta’lim sifatini to’la-to’kis ta’minlashi ehtimoldan yiroq, chunki, bola uchun qulay ta’lim muhiti jonli muloqotni talab qiladi.

Oldingi Keyingi