АКДС-дифтерия,коклюш,столбняк.png

AKDS – difteriya, ko'kyo'tal, qoqsholga qarshi vaktsina

Difteriya o'tkir yuqumli kasallik bo'lib, kasallikni birinchi navbatda tomoq va yuqori nafas yo'llarini yallig'lash bilan birga, toksin ishlab chiqarib, boshqa organlarni zararlovchi difteriya tayoqchalarini keltirib chiqaradi.

Difteriyaning eng og'ir asoratlaridan biri - o'limga olib keluvchi nafas yo'llarining tiqilishidir. Kasallikning boshlang'ich davrida yoki bir necha hafta o'tib yurak ritmining buzilishi, yurak etishmovchiligining shakllanishi yoki surunkali yurak etishmovchiligi kuzatilishi o'limga sabab bo'luvchi miokardni keltirib chiqaradi. Erta boshlangan falajlikda bosh miya asab tolalari zararlanadi. Bemor dimoq bilan gapirishi, ovqat eyishda tiqilishi, suyuq ovqatning burundan qaytishi kuzatiladi, tanglayda paydo bo'lgan parda osiladi. Bemor falajlanganida, yaqin masofadagi mayda buyumlarni ajrata olmaydi, o'qishga qiynaladi, yuz nervining falajlanishi, ptoz va g'ilaylik kuzatilishi mumkin.

Ko'kyo'tal – bu havo-tomchi orqali yuquvchi, asosan 7 yoshgacha bo'lgan bolalar kasallanadigan, yuqori nafas yo'llarining bakterial yuqumli kasallik. Ko'kyo'talning asosiy klinik belgisi o'ziga xos xurujli spazmatik yo'tal bilan kechishidir.

Ko'kyo'tal ayniqsa 6 oylikgacha bo'lgan bolalarda og'ir kechadi. Yo'tal xurujlarining uzoq cho'zilishi bosh miyani kislorod bilan ta'minlanishining buzilishiga olib keladi, bu – bronxlarning spazmi bilan bir qatorda, nafas ritmining buzilishi hamda bo'yin va bosh miya tomirlarida qon aylanishining buzilishi bilan bog'liq. Gipoksiya bosh miya qobig'ini shikastlanishi, tirishish sindromi bilan kechuvchi bosh miya zararlanishiga (entsefalopatiya) olib keladi. Og'ir holatlarda bosh miyaga qon quyilishi yuzaga keladi. Ikkilamchi infektsiya sifatida ko'pincha o'pka yallig'lanishi va yiringli otit (o'rta quloq yallig'lanishi) uchraydi.

Qoqshol - asab tizimiga zarar etkazib, skelet muskullarini tonik kuchlanishi va umumiy talvasalar bilan kechadigan bakterial o'tkir, o'ta xavfli yuqumli kasallik. Bakteriya ajratib chiqaradigan toksin o'limga olib keluvchi mushaklarni og'riqli tirishishlarini keltirib chiqaradi.

Kasallikning avj olish davrida, mushaklarning spazmi va turg'unligi oqibatida bronxit, zotiljam, miokard infarkti, sepsis, umurtqa pog'onasi va boshqa suyaklarning sinishi, chiqiqlar, mushaklar va paylarning uzilishi, mushaklarning suyakdan ajralishi, tomirlar trombozi, o'pka arteriyasi emboliyasi va o'pka shishi kabi asoratlar kuzatilishi mumkin. Keyinchalik holsizlik, taxikardiya, umurtqa pog'anasi, bo'g'imlar va mushaklar deformasiyasi va bosh miya asab tolalarining vaqtincha falajlanishi kuzatiladi.

Qoqshol kasalligining o'lim ko'rsatkichi juda yuqori (faqat quturish va o'latning o'pka shakli undan yuqori). Qoqshol kasalligi oqibatida o'lim holati bemorni davolashga, uning yoshi va umumiy holatiga bog'liq holda 10-70% o'rtasida bo'ladi.

Qoqsholdan omon qolganlarda kasallikdan keyin uzoq davom etadigan nevrologik o'zgarishlar kuzatilishi mumkin.

Oldingi Keyingi