KPK – qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi vaktsina
Qizamiq – yuqish darajasi yuqori bo'lgan va og'ir kechadigan virusli o'tkir yuqumli kasallik bo'lib, dunyoda chaqaloqlar o'limining eng keng tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi.
Ba'zi odamlar qizamiq haqida bir necha kun ichida o'tib ketadigan arzimas toshma va isitma deb o'ylashadi, ammo qizamiq, ayniqsa, 5 yoshgacha bo'lgan bolalarda sog'liq uchun jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Asoratlar quyidagicha bo'lishi mumkin: zotiljam, shapko'rlik, entsefalit (bosh miyaning yallig'lanishi oqibatida bosh miya shishiga olib kelishi), o'tkir diareya, o'rta quloqning yallig'lanishi. Qizamiq bilan og'rigan 1000 kishidan 1-3 nafari, hatto eng yaxshi parvarish bo'lsa ham vafot etadi.
Epidemik parotit (tepki)
Tepki asosan bolalar kasallanadigan virusli yuqumli kasallikdir.
Tepki kasalligining jiddiy shakllari kam bo'lsada, og'ir asoratlarga sabab bo'lishi mumkin. Kasal bo'lgan 20-30 foiz o'smir bolalar va erkaklarda tuxumlar yallig'lanishi (orxit), kasallikka chalingan qizlar va ayollarning 5 foizda tepki virusi tuxumdonlarni zararlaydi (ooforit). Ikkala holatda ham bu kasallik bepushtlikka sabab bo'lish mumkin.
Tepki kasalligi bilan har qanday yoshda xastalanganda kam bo'lsada entsefalit (bosh miyaning yallig'lanishi), meningit (bosh miya qobig'i va orqa miyaning yallig'lanishi) va karlik kabi og'ir asoratlar keltirib chiqaradi. Tepki entsefalitida o'lim ko'rsatkichi yuqori bo'lmasa ham, falaj, epileptik tutqanoq, bosh miya parezlari, chig'anoq stenozi va gidrosefaliya kabi og'ir asoratlarga olib kelishi mumkin.
Tepkida kasallik holatlarining 4 foizida pankreatit (oshqozon osti bezining yallig'lanishi) bemorlarda asorat sifatida ro'yxatga olinadi.
Tepki kasalligidan so'ng orttirilgan neyrosensor karlik bolalar o'rtasida kelib chiqqan karlikning asosiy sababi hisoblanib, 100 000 nafar bemordan 5 nafarida uchraydi.
Qizilcha – virus tabiatli o'tkir yuqumli kasallik. Qizilcha quyidagi asoratlarini chaqirishi mumkin: artrit, angina, bronxit, zotiljam va trombositopenik purpura. Kasallanganlarning 6000 tasidan 1 tasida o'ta og'ir holatlar – bosh miyaning zararlanishi (entsefalit), serozli meningit (miya qobig'ining zararlanishi) uchraydi.
Homilador ayollarda qizilcha og'ir asoratlarga olib kelishi mumkin, ya'ni homilani nobud bo'lishiga yoki tug'ma qizilcha sindromi (tqs) kelib chiqib, tug'ma yurak porogi yurak-qon tomir tizimini, ko'zlarni va eshitish organlarini zararlaydi.
Tqs kasalligidan omon qolgan bolalarda o'sishda og'ir buzilishlar (masalan, ko'rish va eshitish tizimida) va autizm, qandli diabetning birinchi turi, hamda tireoidit (qalqonsimon bezning yallig'lanishi) kabi kasalliklar ta'sirida o'sishdan orqada qolishi xavfi kuzatiladi. Bunday buzilishlarda ko'pincha qimmat terapevtik, jarrohlik muolajalar hamda tibbiy yordam, ijtimoiy va fiziologik tiklanish uchun ko'plab xarajatlar qilinadi.
Qizilcha kasalligi aniqlanganda homiladorlikni sun'iy to'xtatish tavsiya etiladi.