Giper-gʻamxoʻrlik nima yoki “gʻamxoʻrlik” zarar keltirganda.
Farzand tarbiyasi har bir ota-ona uchun mashaqqatli va mas’uliyatli ish, lekin bu ishni qanday qilib toʻgʻri bajarishni hammamiz ham bilmaymiz. Ota-onalar oʻz farzandlari uchun eng yaxshisini xohlashadi, ular bolani zarardan himoya qilishga harakat qilishadi. Biroq, ba’zi ota-onalar uchun oʻz farzandini barcha qiyinchiliklar, tashvishlar va xavf-xatarlardan himoya qilish istagi (koʻpincha xayoliy) barcha chegaralardan tashqariga chiqadi va ortiqcha himoyaga olib keladi.
Giper-gʻamxoʻrlik (“giper” lotincha soʻzdan — me’yordan yoki oʻlchovdan oshib ketish) bola uchun nafaqat haddan tashqari tashvish, balki haddan tashqari nazorat ham hisoblanadi. Ota-ona bola uchun nimani va qachon bajarishni, qanday ovqatlanishni, nima deyishni hal qilishi aslida bolaga zarar keltiradi. Haddan tashqari himoyalash gʻamxoʻrlikdek tuyulsa-da, aslida unday emas. Chunki bu bolaning farovonligi haqida emas, balki ota-onalarning xotirjamligi haqida.
Haddan tashqari himoyalovchi ota-onalar odatda manipulyatsiya qiladilar, talab qiladilar, buyruq beradilar yoki shantaj qiladilar, bolaning istaklari va ehtiyojlarini e’tiborsiz qoldiradilar, bola uchun mutlaqo barcha qarorlarni qabul qiladilar. Shunday qilib, haddan tashqari himoyalanish zoʻravonlik shakllaridan biri hisoblanadi.