Depressiya bilan kurashish: kayfiyatni yaxshilash uchun oʻsmirlarga oddiy maslahatlar
Depressiya — bu shunchaki yomon kayfiyat yoki vaqtinchalik gʻamginlik emas. Bu holat uzoq davom etishi va toʻlaqonli hayot kechirishingizga toʻsqinlik qilishi mumkin. Biroq, uning dastlabki bosqichlarida psixologlarning bir necha oddiy maslahatlariga amal qilgan holda mustaqil ravishda yengishingiz mumkin.
Depressiyada oʻz-oʻzini qoʻllab-quvvatlashning 5 usuli
Agar depressiya juda ogʻir boʻlmasa, uni oʻzingiz yengishga harakat qilishingiz mumkin. Quyida kayfiyatni yaxshilashga yordam beradigan bir necha usullar keltirilgan.
- Sport bilan shugʻullaning. Jismoniy faoliyat kayfiyatni yaxshilashning ajoyib usulidir. Sport bilan shugʻullanganingizda, organizmda “baxt gormonlari” — endorfinlar ishlab chiqariladi. Yoga, raqs yoki faol sayr qilish ham ahvolingizni yaxshilashi mumkin. Har kuni 30 daqiqadan jismoniy mashqlarni bajarishga harakat qiling.
- Sayohat qiling yoki oddiygina uydan chiqing va sayr qiling. Hatto yangi joylarga kichik sayohatlar, toza havoda sayr qilish yoki yangi taassurotlar orttirish ham yordam berishi mumkin. Oʻzingizga yoqimli insonlar atrofiida boʻling va yolgʻiz qolmaslikka harakat qiling.
- Meditatsiya yoki boshqa dam olish usullarini sinab koʻring. Meditatsiya fikrlarni tinchlantirishga va xotirjam boʻlishga yordam beradi. Shuningdek, art-terapiya, massaj yoki oʻz-oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilishning boshqa usullarini sinab koʻrishingiz mumkin, ular stressni kamaytiradi.
- Tashqi koʻrinishingizga e’tibor bering. Oʻzimizni yomon his qilgan paytda tashqi koʻrinishimiz ahamiyatsizdek tuyulishi mumkin. Ammo, agar oʻzingizga eʼtibor qarata olsangiz, bu kayfiyatni yaxshilashi mumkin. Oddiy amallar — yuvinish, sochingizni oʻzingizga yoqimli tarzda turmaklash (tarash) yoki sevimli kiyimingizni tanlash — ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
- Toʻgʻri ovqatlaning. Hatto ishtaha yoʻq boʻlsa ham, ovqatlanishni oʻtkazib yubormaslik muhim. Mevalar va sabzavotlarda mavjud vitaminlar va mikroelementlar umumiy holatni yaxshilashga va immunitetni qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi.
Eslatma! Depressiya holatida muhim qarorlarni qabul qilmagan maʼqul — chunki bu paytdagi fikrlashingiz aniq boʻlmasligi mumkin va bu qarorlar kelajakda sizning zararingizga ishlashi ehtimoli bor.
Average Rating: ☆ ☆ ☆ ☆ ☆ (0 reviews)