Depressiyadan chiqish: oʻsmirlarga oddiy maslahatlar

Depressiya — bu shunchaki yomon kayfiyat yoki vaqtinchalik gʻamginlik emas. Bu holat uzoq davom etishi va toʻlaqonli hayot kechirishingizga toʻsqinlik qilishi mumkin. Uning dastlabki bosqichlarida psixologlarning ayrim oddiy maslahatlariga amal qilish yordamida kayfiyatning tushkunligini mustaqil ravishda yengib oʻtishingiz mumkin.

Yaxshi kayfiyatni qoʻllab-quvvatlashning 5 usuli

Agar siz koʻpincha oʻzingizni tushkun holatda his qilayotgan boʻlsangiz, bu holatni yengib oʻtishga harakat qilishingiz mumkin. Quyida kayfiyatni yaxshilashga yordam beradigan bir necha usullar keltirilgan.

  1. Sport bilan muntazam shugʻullaning. Jismoniy faoliyat kayfiyatni yaxshilashning ajoyib usulidir. Sport bilan shugʻullanganingizda, organizmda "baxt gormonlari" — endorfinlar ishlab chiqariladi. Yoga, raqs yoki faol sayr qilish ham ahvolingizni yaxshilashi mumkin. Har kuni 30 daqiqadan jismoniy mashqlarni bajarishga harakat qiling.
  2. Sayr qiling yoki doʻstlar bilan aylanib kelish uchun uydan chiqing. Hatto kichik sayohatlar, yangi joylarga borish, toza havoda sayr qilish yoki yangi taassurotlar orttirish ham yordam berishi mumkin. Oʻzingizga yoqimli insonlar qurshovida boʻling va yolgʻiz qolmaslikka harakat qiling.
  3. Meditatsiya yoki boshqa dam olish usullarini sinab koʻring. Meditatsiya fikrlarni tinchlantirishga va xotirjamlikka yordam beradi. Shuningdek, art-terapiya (masalan, rasm chizish), massaj yoki oʻz-oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilishning boshqa usullarini sinab koʻrishingiz mumkin, ular stressni kamaytiradi.
  4. Oʻzingizga gʻamxoʻrlik qiling. Oʻzimizni yomon his qilgan paytda tashqi koʻrinishimiz ahamiyatsizdek tuyulishi mumkin. Ammo, agar oʻzingizga eʼtibor qarata olsangiz, bu kayfiyatni yaxshilashi mumkin. Oddiy amallar — yuvinish, sochingizni yoqimli tarzda turmaklash (tarash) yoki sevimli kiyimingizni tanlash — ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
  5. Toʻgʻri ovqatlaning. Hatto ishtaha yoʻq boʻlsa ham, ovqatlanishni oʻtkazib yubormaslik muhim. Mevalar va sabzavotlarda mavjud vitaminlar va mikroelementlar umumiy holatni yaxshilashga va immunitetni qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi.

Eslatma! Qachonki siz yomon kayfiyatda yoki tushkun holatda boʻlsangiz, muhim qarorlarni qabul qilmagan maʼqul — chunki bu paytdagi fikrlashingiz aniq boʻlmasligi mumkin va bu qarorlar kelajakda sizning zararingizga ishlashi ehtimoli bor. Hozirda oʻzingizni yaxshi his qilmayotgan boʻlsangiz, qarorlarni keyinroqqa qoldiring.

Agar siz holatingiz yaxshilanmayotganini, sevimli mashgʻulotlaringiz ham sizni xursand qilmayotganini his qilayotgan boʻlsangiz va doimiy ravishda uxlashni yoki yolgʻiz qolishni xohlasangiz, bu stress yoki depressiyaning boshlangʻich belgisi boʻlishi mumkin. Bunday holatda siz yaqin qarindoshlaringiz yoki ishonchli kattalardan qoʻllab-quvvatlash soʻrashingiz kerak. Agar bu ham yordam bermasa va oʻz holatingiz yanada yomonlashayotganini his qilsangiz, maktab psixologiga murojaat qiling.

Oldingi Keyingi