Qanday qilib oʻziga ishonchni rivojlantirish mumkin? (1-qism)
Oʻziga ishonchni mustahkamlashdagi birinchi qadam — xatolarni omadsizlik deb emas, balki oʻrganish imkoniyati deb qabul qilishni oʻrganishdir. Agar biron narsa amalga oshmasa, bu Sizning boshqalardan ortdaligingizni anglatmaydi. Aksincha, xatolar Sizni kuchliroq qiladi va har safar yana urinib koʻrganingizda – maqsadlaringizga yetishishda tajribali boʻlasiz.
Amaliyot ham katta ahamiyatga ega. Qanchalik koʻp takrorlasangiz, mashq qilsangiz – shuncha oʻzingizga boʻlgan ishonch ortib boradi. Bu oʻqish, sport yoki boshqa sohalarga ham tegishli. Vazifalarni yaxshiroq bajara boshlashingiz bilan oʻzingizga ishonch ham ortib boraveradi.
Oʻzingizga boʻlgan ishonchni mustahkamlash va bullingga bardosh berish uchun quyidagi sifatlarni rivojlantirish muhim:
- Oʻzingizga ishonch. Oʻzingizga: “Men buni qila olaman” deb aytib turing. Qiyinchiliklarga duch kelganda ham oʻz kuchlaringizga ishoning. Masalan, kimdir Sizga ozor beruvchi gap aytgan boʻlsa, oʻz yutuqlaringizni yoki yaxshi amalga oshirgan ishlaringizni eslab koʻring. Har kuni kichik gʻalabalaringizni yozib boradigan “yutuqlar kundaligi”ni yuritish ham oʻzingizga ishonchni rivojlantirishga yordam beradi.
- Motivatsiya/ragʻbatlantirish. Biror narsaning uddasidan chiqa olmasangiz ham, taslim boʻlmang.. Oʻzingizga bu nega muhimligini eslatib turing — balki bu orzuyingizga erishish yoki yaxshi universitetga kirish uchun kerakdir.
- Oʻz oldingizga qoʻygan majburiyatlar. Rejangizga amal qiling va qiyinchiliklar oldida toʻxtamang. Masalan, agar sport bilan shugʻullanishga qaror qilgan boʻlsangiz, xohish boʻlmagan kunlarda ham kamida piyoda sayr qiling. Bu irodangizni mustahkamlashga va odatni shakllantirishga yordam beradi, bu esa oʻzingizga ishonchingizni oshirishga taʼsir qiladi.
Yana qanday qilib oʻziga ishonchni rivojlantirish mumkin? (2-qism)
- Xatolardan saboq olish. Xatolar — bu yoʻlning oxiri emas, balki oʻz ustida ishlash imkoniyatidir. Masalan, agar imtihonda xato qilgan boʻlsangiz, nimalar notoʻgʻri ketganini tahlil qiling va kelasi safar yaxshiroq tayyorgarlik koʻrish uchun ushbu tajribadan foydalaning.
- Sabr-toqat. Hatto hamma narsa Sizga qarshi boʻlayotgandek tuyulsa ham – taslim boʻlmang. Masalan, sinfdoshlar Sizning qiziqishlaringiz ustidan kulmoqchi boʻlsalar ham, sevimli mashgʻulotlaringiz bilan shugʻullanishni davom eting. Bu Sizning qaroringizni boshqalarning gaplari buzolmasligini koʻrsatadi.
- Tashabbuskorlik. Tashabbuskor boʻling. Bu loyihalarda qatnashish, maktab tadbirlarini olib borish yoki guruhdagi masalalarni hal qilishni oʻz zimmangizga olish boʻlishi mumkin. Qanchalik koʻp masʼuliyat olsangiz, oʻzingizga boʻlgan ishonch shunchalik ortadi. (Tashabbuskorlik — bu biror ishni boshlash yoki yangi gʻoyalarni taklif qilish uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish istagidir. Tashabbuskor inson oʻz oldiga maqsad qoʻyadi va unga erishish uchun faol harakat qiladi, boshqalarni ham ilhomlantiradi.)
Yordam soʻrashning ahamiyatini yodda tuting
Shaxsiy sifatlarni rivojlantirish qanchalik muhim boʻlmasin, jiddiy muammolar yuzaga kelganda yordam soʻrash kerakligini yodda saqlash zarur. Agar tahdidlar yoki agressiyaga duch kelsangiz, bu Sizning aybingiz emas va Siz himoyaga haqlisiz. Albatta ota-onangizga, oʻqituvchilarga murojaat qiling yoki ishonch telefonlariga qoʻngʻiroq qiling.
Bulling holatida qayerga murojaat qilish mumkin?
- Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining ishonch telefoni: 1006 yoki +998 71 202-09-09 (dushanba – juma kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha).
- «Inson» ijtimoiy xizmat markazlari, bolalar va oʻsmirlar uchun psixologik yordam xizmati: +998 71 239-59-20.
- Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi: +998 71 200-00-00.
- Respublika Bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi: +998 71 232-38-25.
- Bolalar uchun ishonch telefoni: +998 71 233-99-44.
- Zarur hollarda ichki ishlar organlariga murojaat qilish yoki 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish tavsiya etiladi.
Average Rating: ☆ ☆ ☆ ☆ ☆ (0 reviews)