Qanday qilib oʻziga ishonchni rivojlantirish mumkin? (1-qism)
Oʻziga ishonchni mustahkamlashdagi birinchi qadam — xatolarni omadsizlik deb emas, balki oʻrganish imkoniyati deb qabul qilishni oʻrganishdir. Agar biron narsa amalga oshmasa, bu Sizning boshqalardan ortdaligingizni anglatmaydi. Aksincha, xatolar Sizni kuchliroq qiladi va har safar yana urinib koʻrganingizda – maqsadlaringizga yetishishda tajribali boʻlasiz.
Amaliyot ham katta ahamiyatga ega. Qanchalik koʻp takrorlasangiz, mashq qilsangiz – shunchalik ishonchli boʻlasiz. Bu oʻqish, sport yoki boshqa koʻnikmalarga ham tegishli. Vazifalarni yaxshiroq bajara boshlashingiz bilan oʻzingizga ishonch ham ortib boraveradi.
Oʻzingizga ishonchni mustahkamlash va bullingga bardosh berish uchun quyidagi sifatlarni rivojlantirish muhim:
- Oʻzingizga ishonch. Oʻzingizga: “Men buni qila olaman” deb aytib turing. Qiyinchiliklarga duch kelganda ham oʻz kuchlaringizga ishoning. Masalan, kimdir Sizga ozor beruvchi gap aytgan boʻlsa, oʻz yutuqlaringizni yoki yaxshi amalga oshirgan ishlaringizni eslab koʻring. Har kuni kichik gʻalabalaringizni yozib boradigan “yutuqlar kundaligi”ni yuritish ham oʻzingizga ishonchni rivojlantirishga yordam beradi.
- Motivatsiya. Biror narsaning uddasidan chiqa olmasangiz ham, taslim boʻlmang. Masalan, baholaringizni yaxshilashga harakat qilayotgan boʻlsangiz-u, lekin hamma narsa ham oson kechmasa, taslim boʻlmaslik muhim. Oʻzingizga bu nega muhimligini eslatib turing — balki bu orzuyingizga erishish yoki yaxshi universitetga kirish uchun kerakdir.
- Oʻz oldingizga qoʻygan majburiyatlar. Rejangizga amal qiling va qiyinchiliklar oldida toʻxtamang. Masalan, agar sport bilan shugʻullanishga qaror qilgan boʻlsangiz, xohish boʻlmagan kunlarda ham kamida piyoda sayr qiling. Bu iroda kuchini mustahkamlashga va odatni shakllantirishga yordam beradi, bu esa oʻzingizga ishonchingizni oshirishga taʼsir qiladi.