05.Me and my rights-06

Oʻsmirga maktab va ruhiy salomatlik oʻrtasidagi muvozanatni topishga yordam berish: ota-onalar uchun maslahatlar

Maktab, jamiyat va oila zamonaviy oʻsmirlardan ko‘p narsalarni kutadi. Bunday bosim stressga va psixik salomatlikning yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Ota-onalar oʻz farzandlarini ta‘limi va ruhiy salomatligi (xotirjamligi) oʻrtasida muvozanat topishda yordam berishlari muhimdir, bu orqali ortiqcha yuk va emotsional charchashning oldini olish mumkin.

Maktabdagi muvaffaqiyatlar bilan birga ruhiy salomatlikning ahamiyatini ham tan oling. Koʻplab ota-onalar uchun farzandining oʻqishdagi muvaffaqiyati birinchi oʻrinda turadi. Lekin oʻsmirning psixologik holati ham shu qadar muhimdir. Oʻqishdagi doimiy bosim farzandingizni charchash, xavotir va tushkunlikka olib kelishi mumkin. Maktabdagi yutuqlar – bu hayotning bir qismi ekanini tan olish va ruhiy salomatlikni birinchi oʻringa qoʻyish muhim.

Tavsiya. Farzandingiz bilan maktabda va uning tashqarisidagi his-tuygʻular haqida suhbatlashing. Faqat uning baholari va natijalarini emas, balki oʻquv jarayonida oʻzini qanchalik qoʻllab-quvvatlanganini his qilishini ham tahlil qiling.

Dam olishi va oʻzini namoyon qilishi uchun imkon yarating. Maktab vazifalari va imtihonlarga tayyorgarlik koʻp vaqtni talab qiladi, ammo oʻsmirlarga dam olish, xobbi va oʻzini namoyon qilish uchun imkon kerak. Bu sport, musiqa yoki shunchaki ochiq havoda sayr boʻlishi mumkin. Biror narsalarga qiziqish ruhiy bosimni kamaytirishga va quvvatni tiklashga yordam beradi, shuning uchun ota-onalar farzandini qiziqtirgan ishlar bilan shugʻullanishga ragʻbatlantirishlari kerak.

Tavsiya. Farzandingizning sport, musiqa, rassomchilik yoki ochiq havoda vaqt oʻtkazish kabi unga zavq bagʻishlaydigan faoliyatga ega ekanligiga ishonch hosil qiling. Oʻqish va dam olish oʻrtasidagi muvozanat emotsional barqarorlikni saqlashga yordam beradi.

Vaqtni boshqarishga oʻrgating. Oʻqish va dam olish oʻrtasida vaqtni toʻgʻri taqsimlash oʻsmir uchun muhim koʻnikmadir. Oʻsmir maktabdagi koʻplab vazifalar va masʼuliyatlar bilan yuzlashganda, ular unga ogʻirlik qilib, ruhiy va jismoniy charchoqni oshirishi mumkin. Bunday vaziyatda u oʻzini bosim ostida qolganday va masʼuliyatlar bilan toʻlib-toshganday his qiladi. Unga vazifalarni bajarish bilan birga dam olishga ham vaqt ajratishga yordam bering.

Tavsiya. Farzandingiz bilan birgalikda oʻquv vazifalari va dam olish uchun vaqtni ham hisobga oluvchi jadval tuzing. Uni ustuvorliklarni ajratishga va barcha ishlarni oxirgi daqiqaga qoldirmaslikka oʻrgating, bu orqali stressdan qochish mumkin.

Ruhiy salomatlikning ahamiyati haqida suhbatlashing. Ruhiy salomatlik koʻpincha oʻquv muvaffaqiyati oldida ikkinchi oʻrinda qoladi. Ammo, oʻsmir oʻz emotsional holatini tushunish va unga gʻamxoʻrlik qilish qanchalik muhimligini anglashi zarur. Uni oʻz his-tuygʻularini tan olishga va oʻziga eʼtiborsiz boʻlmaslikka oʻrgating.

Tavsiya. Farzandingiz bilan ruhiy salomatlik haqida ochiq suhbatlashing. Agar u xavotir yoki tushkunlik his qilayotgan boʻlsa, buni muhokama qilish yoki mutaxassisga murojaat qilishni taklif qiling. Uning ichki holatiga boʻlgan eʼtiboringiz unga oʻzini yanada ishonchli his qilishga yordam beradi.

Muvaffaqiyatsizliklar va stress bilan qanday kurashishni oʻrgating. Oʻsmirlar oʻqishdagi muvaffaqiyatsizliklarga duch kelganlarida bu ularning ruhiy holatiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Farzandingizga qiyinchiliklar bilan kurashishni oʻrgatish va xatolarni katta muammo deb hisoblamaslik kerakligini tushuntiring. Qiyin damlarda uni qoʻllab-quvvatlab, muvaffaqiyatsizliklar – bu muvaffaqiyat sari yoʻlning bir qismi ekanligini eslating.

Tavsiya. Past baho yoki xatolar uchun tanqid qilish oʻrniga, oʻsmir bilan nimani yaxshilash mumkinligi haqida suhbatlashing. Unga muvaffaqiyatsizliklar – oʻrganish va oʻsish imkoniyati ekanligini koʻrsating.

Ota-onalarning qoʻllab-quvvatlashi oʻsmirning oʻqish va ruhiy holat bilan qanday kurashishiga muhim taʼsir koʻrsatadi. Farzandingizga maktab va shaxsiy farovonlik oʻrtasidagi muvozanat topishga yordam berish orqali Siz uning barkamol rivojlanishiga hissa qoʻshasiz va charchash xavfini kamaytirasiz.

Average Rating: (0 reviews)

Leave Your Feedback

Recent Reviews

Oldingi